“Darakchi plyus” gazetasi (“Darakchi” nashrining rus tahririyati) jurnalisti Suriya Magdeyeva kasallikdan so‘ng 43 yoshida vafot etdi. Bu haqda nashrning o‘zi ma’lum qildi.

“Marhumani butun respublika, ayniqsa, Namangan viloyati iste’dodli jurnalist sifatida yaxshi bilardi. U hech ham charchamaydigan, serharakat, respublikadagi barcha tadbirlarda faol, jamoada barchaga mehribon va aqlli inson edi”, — deb yozadi uning jamoasi.

Suriya Magdeyeva Toshkentga kelishidan oldin Namangan viloyatida yashagan “Namangan haqiqati” gazetasida ishlagan.

U “Darakchi plyus” gazetasining rivojlanishida o‘zining beqiyos hissasini qo‘shdi. U ijtimoiy soha, kommunal xizmatlar, sog‘liqni saqlash, inklyuziv ta’lim haqida ko‘p yozardi, maktab muammolarini yoritgan, son-sanoqsiz intervyular olgan, press-turlarda va matbuot anjumanlarida esa faol qatnashardi, deyiladi xabarda.