O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev, Rossiya Federatsiyasi Hukumati rahbari o‘rinbosari — sanoat va savdo vaziri Denis Manturov va Tatariston raisi Rustam Minnixanov O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi III mintaqalararo hamkorlik forumida ishtirok etdi. Bu haqda Rossiya sanoat va savdo vazirligi xabar berdi.

Jamshid Xo‘jayev O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tabrik so‘zini o‘qib eshittirdi. Unda: “Bizda sarmoyaviy hamkorlikni chuqurlashtirish uchun katta imkoniyatlar mavjud. Buning uchun yaratilayotgan texnoparklarning afzalliklaridan, shuningdek, moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning yangi vositalaridan, xususan, yaqinda tashkil etilgan O‘zbekiston Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasidan yanada faolroq foydalanishga chaqiramiz”, — deyiladi.

Denis Manturov, o‘z navbatida, Rossiya prezidenti Vladimir Putinning qutlov nutqini o‘qib eshittirdi. “Muhim vazifa — qo‘shma ishning yangi, istiqbolli shakllari va usullarini topish, jumladan, yo‘l xaritalarini mintaqalararo aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar bilan kelishish, ularning vaqt doiralarini aniq belgilash va amalga oshirish”, — deyiladi Putin tabrigida.

Forumda turli sohalarda 3 ta hududlararo va 7 ta tijorat shartnomalari imzolandi.

Xususan, Farg‘ona va Jizzax viloyatlari hokimligi va Boshqirdiston hukumati o‘rtasida 2023−2025-yillarga mo‘ljallangan, shuningdek, Surxondaryo viloyati hokimligi va Tatariston hukumati o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejalari imzolandi. Bu hujjatlarda qo‘shma loyihalar ishlab chiqish, tadbirlar o‘tkazish, qator mahsulotlarni eksport qilishni tashkil etish kabi jihatlar o‘rin olgan.

Tijoriy shartnomalari orasida O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi va Rossiyaning Wildberries marketpleysi o‘rtasida onlayn-savdo sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum, shuningdek, Toshkent viloyati hokimligi va marketpleys o‘rtasida Toshkent viloyatida multimodal logistika markazini qurish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yilning noyabr oyida Wildberries O‘zbekistondan tayyor mahsulotlar — to‘qimachilik, charm mahsulotlari, qurilish materiallari va elektrotexnika uskunalarini bevosita Toshkentda sotish bo‘yicha logistika majmuasini qurish niyatida ekani xabar qilingan edi. Loyihaning qiymati 130 million dollarga baholangan.

O‘tgan forum yakunlariga ko‘ra, Wildberries kompaniyasining Toshkent viloyatida logistika xabi barpo etilishini ma’lum qildi. Rejalashtirilgan maydon 150 ming kvadrat metrdan ortiq. Toshkent viloyati hokimligi tomonidan Wildberries uchun 29,4 gektar yer maydoni ajratiladi. Onlayn platforma logistika inshooti qurilishiga qariyb 140 million dollar sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda. Murojaatda ushbu xab kompaniyaning Rossiyadan tashqaridagi eng yirik logistika markaziga aylanishi va O‘zbekiston rezidentlari uchun 7500 dan ortiq ish o‘rni yaratishi mumkinligi ta’kidlangan. Logistika markazining ochilishi 2025-yilga mo‘ljallangan.

Forum doirasida, shuningdek, Toshkent shahar hokimligi va Rossiyaning HMS Group boshqaruv kompaniyasi o‘rtasida suv ta’minoti va kanalizatsiya sohasida texnik va texnologik tajriba almashish sohasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.

Shuningdek, Toshkent metropoliteni va TMH International kompaniyasi o‘rtasida Rossiyadan metro vagonlarini yetkazib berish bo‘yicha kelishildi.

Bundan tashqari, forum doirasida axborot texnologiyalari sohasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni rivojlantirish, mustaqil ekotizim yaratish, xalqaro tajriba almashish, xalqaro bozorlar bilan qo‘shma integratsiyalashuvni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha O‘zbekiston “Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnoparki direksiyasi” va Rossiyaning IT Park yuqori texnologiyalar sohasidagi texnoparki o‘rtasida shartnomlar imzolandi.

Shuningdek, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Rossiyaning Ozon marketpleysi o‘rtasida elektron tijoratni rivojlantirish va transchegaraviy savdo mexanizmlarini takomillashtirish hamda O‘zbekistonda tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi hamda ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha O‘zbekiston-Rossiya va Rossiya-O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashlari o‘rtasidagi kompleks harakatlar dasturi imzolandi.

O‘zbekiston va Rossiya mintaqalari forumi uchinchi bor o‘tkazilmoqda. Unda O‘zbekistonning barcha viloyatlari va Rossiyaning 20 ta hududidan 3000 nafar ishtirokchi qatnashmoqda.