Germaniya hukumati O‘zbekiston, Gruziya, Moldova, Keniya, Kolumbiya va Qirg‘iziston bilan noqonuniy muhojirlarni o‘z vatanlariga tezkorlik bilan qaytarishni ko‘zda tutuvchi migratsion hamkorlik bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda, deb xabar qildi Deutsche Welle Ichki ishlar vazirligi vakiliga tayanib.

Nashrning qayd etishicha, ikki Markaziy Osiyo davlati bilan muzokaralar ancha oldinga siljigan. May oyi boshida O‘zbekiston bilan, sentabr oxirida esa Qirg‘iziston bilan o‘zaro anglashuv memorandumi imzolangan.

Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibining so‘zlariga ko‘ra, gap noqonuniy qochqinlar sonini kamaytirish va shu bilan birga Germaniyaga qonuniy immigratsiya uchun imkoniyatlar yaratish haqida bormoqda.

Germaniya hukumatining migratsiya kelishuvlari bo‘yicha maxsus komissari Yoaxim Shtamp (Joachim Stamp) sentabrda Keniyada muzokaralar olib bordi.

Kolumbiya ham, IIV vakilining ta’kidlashicha, mazkur ro‘yxatdan joy olgan, xususan, ushbu mamlakat fuqarolarining boshpana so‘rab murojaatlari soni 2018-yildagi 140 tadan 2023-yilning birinchi yarmida 1500 tagacha ko‘paygan.

Uning aniqlik kiritishicha, “Gruziya va Moldova alohida ustuvorliklarga ega, chunki Germaniyada boshpana so‘rovi rad etilgan arizalarning 10 foizdan ortig‘i faqat shu ikki davlat fuqarolaridan keladi”. Shunday qilib, 2023-yilning yanvaridan avgustigacha Gruziya fuqarolaridan 7405 ta, Moldovadan 2124 ta murojaat kelib tushgan. Tbilisi va Kishinyov hukumatlari muzokaralarga tayyorligini bildirdi.

Ayni paytda federal hukumatning Hindiston bilan tayyor migratsiya kelishuvi mavjud.