Ijtimoiy tarmoqlarda Chirchiq shahridagi “Yangi O‘zbekiston” massivida qurilgan ko‘p qavatli uylardan biri oldinga og‘gani aks etgan suratlar tarqaldi. Qurilish vazirligi turarjoy binolarining bugungi kundagi texnik holati ishchi guruh tomonidan o‘rganilganini ma’lum qildi.

bino, чирчиқ

Qayd etilishicha, hajmiy temirbeton panel konstruksiyali bino pudratchi “Yangi zamon bino” MCHJ tomonidan qurib foydalanishga topshirilgan.

Geologik izlanishlar xulosasiga ko‘ra, ushbu binoda “Cho‘kuvchan va o‘ta cho‘kuvchan gruntli hududlarda quriladigan bino va inshootlar” to‘g‘risidagi shaharsozlik norma va qoidalarining 9-bandi talablariga muvofiq qurilish ishlari bajarilgan. Biroq 2022-yil bahor-kuz mavsumidagi yog‘ingarchiliklar tufayli ko‘p miqdordagi yomg‘ir suvlari irrigatsiya tizimlarisiz muntazam ravishda bino poydevoriga sizib kirgan va bino atrofiga yig‘ilib qolgan. Natijada bino ostining asos qismi suvga to‘yinib, binoning vertikal seysmik choklari loyihaviy holatidan ko‘chgan.

Ma’lum bo‘lishicha, mazkur holatni bartaraf etish bo‘yicha “Qishloqqurilishloyiha” instituti tomonidan 2023-yil 14-fevralda “Yangi zamon bino” MCHJ bosh direktoriga bino ostiga suv ketishini oldini olish bo‘yicha yozma ko‘rsatma berilgan va geodeziya hamda muhandislik izlanishlari olib borilgan. Uylar poydevori asosining cho‘kishi va uning namlanishini oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar loyihasi ishlab chiqilgan va bajarish uchun topshirilgan bo‘lsada, pudratchi tomonidan hech qanday chora ko‘rilmagan.

bino, чирчиқ

Mazkur uylar dinamikasining salbiy tomonga o‘zgarganligi sababli quruvchi tashkilot yuzaga kelgan masalalarni bartaraf qilish bo‘yicha loyiha yechimlari va chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishni so‘rab “Qishloqqurilishloyiha” tashkilotiga murojaat qilgan va institut tomonidan tegishli loyihaviy yechimlar ishlab chiqilgan.

Taqdim etilgan loyihaviy yechimlarga asosan pudratchi tomonidan zudlik bilan quyidagi ishlar amalga oshirilishi kerak:

  • Shaharsozlik normalari va qoidalari 2.02.01−98 ning “Bino va inshootlar asoslari” me’yorining 2.68, 2.69 va 3.13 bandlari talablariga asosan har 300 mm da qatlam-qatlam gruntning mustahkamligi 1.65t/m3 ga yetgunga qadar shibbalab qayta ko‘mish ishlarini bajarish;
  • SHNQ 2.01.09−97 ning “Cho‘kuvchan va o‘ta cho‘kuvchan gruntli hududlarda quriladigan bino va inshootlar” 9-bandi talablariga muvofiq bino perimetri bo‘ylab eni 2000 mm va tarkibida nometall armaturasi bo‘lgan, qalinligi 100 mm beton yo‘lak (otmostka) ishlarini bajarish talab etiladi.

Mahalliy hokimiyat vakillari esa hududda bajarilgan obodonlashtirish va irrigatsiya tizimlariga oid ishlarni hudud bosh rejasiga asosan qayta ko‘rib chiqishi va yog‘ingarchilik boshlanishidan oldin bajarishi lozim.

“Mazkur binolar qurilishiga mas’ullar hamda soha ekspertlari ishtirokida o‘tgan yig‘ilishda mavjud holatni bartaraf etish yuzasidan qo‘shimcha takliflar bildirildi. Ular orasida eng maqbullari saralanib, o‘n kun muddatda amaliy choralarni ko‘rish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi”, — deyiladi xabarda.