O‘zbekistonda 20-oktabrdan mahalliy poyezd chipta narxlari oshiriladi. Bu haqda “O‘ztemiryo‘lovchi” kompaniyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Kompaniya yo‘lovchi poyezdlar chipta narxlari so‘nggi marta 2018-yilda mahalliy yo‘nalishlarda, 2019-yilda yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdida qayta ko‘rib chiqilganini eslatib, oxirgi 4−5 yil mobaynida tariflar o‘zgarishsiz qolib kelayotganini qayd etdi.

“2019−2022-yillar va 2023-yilning 9 oyi davomida respublikada ish haqi miqdori 2,4 barobarga, elektroenergiya va yoqilg‘i narxlarining, logistika va transport xarajatlarining sezilarli darajada oshgani, shuningdek, yo‘lovchi vagon parklarini yangilash, yangi poyezdlarni xarid qilish, temir yo‘l vokzallarini zamon talablariga mos ravishda saqlashni hisobga olgan holda chiptalar narxiga o‘zgartirishlar kiritilmoqda”, — deyiladi xabarda.

Shu munosabat bilan 20-oktabr sanasidan mahalliy yo‘nalishlardagi yo‘lovchi poyezdlari chipta narxlarining tarif qismi 50 foizga, yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdlarida 100 foizga oshiriladi.

Kompaniya, shuningdek, 20-oktabrdan mahalliy temir yo‘l yuklarini tashish uchun amaldagi tarif stavkalariga yangi koeffitsiyentlar o‘rnatilishini ma’lum qildi.

Bu kompaniyaning yoqilg‘i va elektr energiyasi, yer solig‘i, mol-mulk solig‘i va ish haqi fondi uchun xarajatlarining oshishi bilan bog‘liq.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 1-oktabrdan yuridik shaxslar uchun elektr energiyasi va gaz tariflari oshirilgandi.