O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi Hindistonga boruvchi o‘zbekistonliklarni Nipah virusi avj olayotganidan ogohlantirdi.

Qo‘mita ijtimoiy tarmoqlardagi Hindistonning Kerala shtatida tarqalgan Nipah virusidan ikki kishi vafot etgani haqidagi xabarlarga izoh berarkan, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ushbu shtatda mazkur infeksiya avj olayotgani haqidagi ma’lumotini taqdim etganini bildirdi.

22-sentabr holatiga ko‘ra, Nipah infeksiyasi bo‘yicha oltita holat tasdiqlangan bo‘lib, ikkita o‘lim holati yuz bergan. Nipah virusi — bosh miya yallig‘lanishi yoki nafas yo‘llari kasalliklari bilan kechadigan jiddiy xastalikni keltirib chiqaradigan virus turi hisoblanadi.

SES shu sababli savdo-sotiq ishlari bo‘yicha boruvchi tadbirkorlar yoki sayohat uchun Hindistonga borishga chog‘langan o‘zbekistonliklarga mazkur virusdan saqlanish uchun quyidagi tavsiyalarga amal qilish muhimligini eslatdi:

  • avvalo shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya eting;
  • mevalarni iste’mol qilishdan oldin yaxshilab yuving;
  • yangi siqilgan xurmo sharbatini qaynatib iching;
  • asosiysi, ko‘rshapalaklar tirnashi yoki tishlashi natijasida teshilgan mevalarni iste’mol qilmang.

“Har qanday kasallikning oldini olishda belgilangan qoida va tavsiyalarga amal qilish muhim hisoblanishini unutmang”, — deyiladi xabarda.

Avvalroq qator davlatlarda koronavirusning pirola nomli yangi shtami keng tarqalayotgani, u omikrondan ham yuqumliroq bo‘lishi mumkinligi aytilgandi. O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi hozirgacha mamlakatda bu shtamm qayd etilmagani va vaziyat barqaror ekanini bildirgan.