Eron sudi Ozarbayjonning Tehrondagi elchixonasiga hujum uyushtirgan shaxsga nisbatan hukmni e’lon qildi, deya xabar bermoqda Report axborot agentligi.

Sud hukmiga ko‘ra, 50 yoshli Eron fuqarosi Yasin Husaynzodaga nisbatan o‘lim jazosi tayinlangan. Qatl qachon amalga oshirilishi hozircha ma’lum emas.

Eslatib o‘tamiz, yanvar oyida Ozarbayjonning Tehronda joylashgan elchixonasiga qurolli hujum uyushtirilgandi. Hududga bostirib kirgan shaxs Kalashnikov avtomati bilan qo‘riqlash postiga o‘q uzgan, oqibatda xavfsizlik xizmati rahbari halok bo‘lgan, ikki qo‘riqchi yaralangandi.

OAVda tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, erkak hujum qilishining sababini shaxsiy va oilaviy muammolar bilan izohlagan. Uning elchixona binosiga 2 nafar yosh bolasi bilan kirgani ma’lum bo‘lgan. Bildirilishicha, u bedarak yo‘qolgan ayolini shu hudud binosida deb o‘ylagan.