Rossiya davlat ommaviy axborot vositalarining Ukrainadagi urushda sodir bo‘layotgan voqealar haqidagi ritorikasini genotsidga da’vat qilish bilan tenglashtirish mumkin. BMTning Ukrainadagi huquqbuzarliklarni tekshirish bo‘yicha oraliq hisobotida bu haqda so‘z boradi.

Komissiya hisoboti 25-sentabr kuni Jenevada BMT Inson huquqlari kengashining navbatdagi sessiyasida taqdim etildi. Komissiya raisi Erik Moze o‘z nutqi chog‘ida BMT ekspertlari “Ukrainadagi genotsid to‘g‘risidagi iddaolardan” xavotirda ekanini ta’kidladi.

“Rossiya davlat va boshqa ommaviy axborot vositalarida tarqatilayotgan ba’zi ritorikalar genotsidga da’vat bo‘lishi mumkin”, — dedi va komissiya bu masalalarni tekshirishda davom etayotganini qayd etdi.

BMT komissiyasi, shuningdek, “Rossiya qurolli kuchlari Ukrainada harbiy jinoyatlar sodir etayotganiga oid bir qancha dalillar, jumladan, portlovchi qurollar bilan noqonuniy hujumlar, tinch aholiga zarar yetkazuvchi hujumlar, qiynoqlar, jinsiy va jinsga asoslangan zo‘ravonliklar hamda energiya infratuzilmasiga hujumlar”ni to‘plagan.

Komissiya, xususan, turar-joy binolari, funksional tibbiyot muassasasi, vokzal, restoran, do‘konlar va savdo omborlariga portlovchi qurol bilan qilingan hujumlarni rasmiylashtirgan.

“Ushbu hujumlar tinch aholining qurbon bo‘lishiga, asosiy obyektlarning shikastlanishiga yoki vayron bo‘lishiga, muhim xizmatlar va ta’minotning uzilishiga olib keldi”, deyiladi hisobotda. Aksariyat hollarda hujumga uchragan fuqarolik infratuzilmasi hech qanday harbiy maqsadga ega emas edi, deya qo‘shimcha qildi Moze.

Rossiya tinch aholi va himoyalangan maqomga ega tibbiyot muassasalariga hujum qilishda davom etmoqda, deya qo‘shimcha qildi hisobot mualliflari.

Komissiya, shuningdek, uzoq vaqt davomida Rossiya istilosi ostida bo‘lgan Xerson va Zaporoje viloyatlarida rus harbiylari tomonidan “keng va tizimli” qiynoqlar qo‘llanilgani to‘g‘risida dalillar to‘pladi. Qiynoqlarning asosiy nishonlari Ukraina Qurolli Kuchlari foydasiga xabar berishda ayblangan shaxslar bo‘lgan.

“Ayrim hollarda qiynoqlar shu qadar shafqatsizlik bilan qo‘llanilganki, bu jabrlanuvchining o‘limiga olib kelgan”, — deyiladi hisobotda.

Bundan tashqari, komissiya rus askarlari Xerson viloyatida 19 yoshdan 83 yoshgacha bo‘lgan ayollarni zo‘rlagani va jinsiy zo‘ravonlik qilganini aniqlagan.

Hisobot mualliflarining ta’kidlashicha, ular Rossiya hukumati tomonidan Ukrainadan Rossiyaga bolalar yuborilishi bilan bog‘liq ishlarni alohida tekshirmoqda. Komissiya “ko‘chirilgan bolalarning to‘liq hajmi, sharoitlari va toifalari bo‘yicha aniqlik va shaffoflik yo‘qligidan” afsusda.

BMT, shuningdek, Ukraina hukumatini “o‘z qurolli kuchlari tomonidan sodir etilgan qoidabuzarliklarning kam sonli holatlarini zudlik bilan va har tomonlama tekshirishga” chaqirdi. Komissiya a’zolarining so‘zlariga ko‘ra, Ukraina tomonidagi qoidabuzarliklar tinch aholiga yaqin joyda portlovchi qurilmalarni qo‘llash, shuningdek, asirga olingan rossiyalik askarlarga shafqatsiz munosabatda bo‘lish bilan bog‘liq.

Mozening ta’kidlashicha, hajm va xilma-xillik nuqtai nazaridan bu qonunbuzarliklarni ruslar bilan taqqoslab bo‘lmaydi.

2022-yil mart oyida BMT Inson huquqlari kengashi tomonidan Ukrainadagi huquqbuzarliklarni o‘rganish bo‘yicha mustaqil xalqaro komissiya tuzilgan edi. U inson huquqlarining buzilishi va suiiste’mol qilinishi va xalqaro gumanitar huquqning buzilishi, shuningdek, “Rossiya Federatsiyasi tomonidan Ukrainaga qarshi tajovuz kontekstidagi tegishli jinoyatlar” ni tekshiradi.

Komissiya uchta a’zodan iborat: Erik Moze, Pablo de Greyff va Vrinda Grover. Tashkil etilganidan buyon BMT komissarlari Ukrainaga o‘ndan ortiq marta tashrif buyurgan. Uning faoliyati to‘g‘risidagi batafsil hisobot joriy yilning oktabr oyida BMT Bosh Assambleyasiga, 2024-yil mart oyida esa BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga taqdim etiladi.