“Garri Potter” filmlaridagi Albus Dambldor roli bilan tanilgan aktyor Maykl Gambon 82 yoshida vafot etdi, deb xabar berdi Press Assosiation uning oilasiga tayanib.

“Ser Maykl Gambonni yo‘qotganimizni e’lon qilishdan juda qayg‘udamiz”, — dedi aktyorning rafiqasi va o‘g‘li o‘z bayonotida.

Ularning xabar berishicha, Gambon pnevmoniyadan keyin kasalxonada, yaqinlari qurshovida olamdan o‘tgan.

Maykl Jon Gambon — irlandiyalik va britaniyalik sahna, kino va televideniye aktyori, u to‘rt marta (1987, 2000, 2001, 2002) eng yaxshi aktyor uchun BAFTA TV mukofotini olgan, Emmi (2002) va Oltin globus (2003) mukofotlariga nomzod bo‘lgan va turli kino gildiyalarining ko‘plab mukofotlarini qo‘lga kiritgan.

“Garri Potter” haqidagi filmlardan tashqari u “Kingsman: Oltin doira”, “Eli kitobi”, “Peddingtonning sarguzashtlari” va boshqa filmlarda suratga tushgan.