Oliy Majlis Senatining qirq beshinchi yalpi majlisi 29-sentabr kuni bo‘lib o‘tadi, deya xabar bermoqda yuqori palata matbuot xizmati.

Majlisda “Pedogogning maqomi to‘g‘risida”gi, “Farmatsevtika faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunlar ko‘rib chiqiladi.

Senatorlar “Yer to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi, “O‘lchash vositalarini qiyoslashdan o‘tkazish sohasiga xususiy sektor jalb qilinishi munosabati bilan “Metrologiya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunlarni ham muhokama qiladi.

Shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimida qonuniylikni ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilanganligi munosabati bilan “Prokuratura to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida”gi, “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining yaxlit tizimi shakllantirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlar muhokama qilinadi.

Bundan tashqari, senatorlar Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman) o‘rinbosarini saylash, Senat kengashining qarorlarini tasdiqlash masalalarini ko‘rib chiqadi.