Shavkat Mirziyoyevning AQShga tashrifi doirasida tashkil etilgan AQSh-O‘zbekiston biznes forumida “O‘zbekenergota’mir” AJ AQShning General Electric Global Parts and Products GmbH korporatsiyasi bilan 60 mln dollarlik shartnoma imzoladi, deya xabar berdi aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati.

Hamkorlik elektr stansiyalarining amaldagi energobloklari modernizatsiya qilinishni nazarda tutadi. Shuningdek, shartnoma doirasida elektr stansiyalariga texnik xizmat ko‘rsatishdan tashqari, yangi ehtiyot qismlar yetkazib beriladi va demontaj qilingan ehtiyot qismlarini tiklash ishlari amalga oshiriladi.

“Bu bilan biz mamlakatimiz elektr energetikasi tarmog‘iga zamonaviy, yuqori rivojlangan va energosamarador uskunalarni olib kiramiz, sohadagi eng ilg‘or texnologiyalarni o‘zimizda joriy etish, natijada yoqilg‘i sarfini kamaytirish va ishlab chiqarishni raqamlashtirish evaziga mahsulotning yakuniy narxini pasaytirishga erishamiz”, — deydi “O‘zbekenergota’mir” bosh direktori Ilhom Rajabov.

Muzokaralarda, shuningdek, “O‘zbekenergota’mir”ning yosh xodimlari amerikalik mutaxassislar ishtirokida bajariladigan ta’mirlash va sozlash ishlari orqali malaka oshirishi bo‘yicha ham kelishuvga erishilgan.

Ma’lumot o‘rnida, “O‘zbekenergota’mir” korxonasi energetika uskunalarini ta’mirlash bilan shug‘ullanuvchi korxona hisoblanib, 1967-yilda Markaziy Osiyo, Qozog‘iston va Ozarbayjon respublikalari elektr stansiyalarining energetika uskunalarini ta’mirlash maqsadida tashkil etilgan.

Kompaniya 9 ta ishlab chiqarish uchastkasi, 4 ta ishlab chiqarish sexi, 2 ta laboratoriya (elektr, metall va payvandlash), metrologiya xizmati, umumiy ishlab chiqarish maydoni 8 gektarga teng hududni o‘z ichiga oladi. Ishlab chiqarish bazasi 85 ta stanok jihozlari bilan jihozlangan.