O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26-sentabr kuni Xitoyning yetakchi BYD kompaniyasi prezidenti va asoschisi Van Chuanfu boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deya xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

Uchrashuvda kompaniyaning O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirishning amaliy jihatlari, xususan, Jizzax viloyatida gibrid va elektr avtomobillar ishlab chiqarishni tez fursatda yo‘lga qo‘yish hamda keyingi bosqichlarda uning quvvatini 300 ming donaga yetkazish masalalari ko‘rib chiqildi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining xabar berishicha, 26-sentabr kuni vazirlik va BYD o‘rtasida “O‘zbekistonda gibrid va elektr avtomobillar va ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqarishni tashkil qilish” investitsiya bitimi imzolandi.

Hujjatga ko‘ra, BYD Auto kompaniyasi va “O‘zavtosanoat” tomonidan mamlakatda gibrid va elektr avtomobillar ishlab chiqaruvchi BYD Uzbekistan Factory qo‘shma korxonasi tashkil etiladi.

Prezident matbuot xizmatining qayd etishicha, uchrashuvda mahsulot tannarxini kamaytirish uchun butlovchi va ehtiyot qismlarini mahalliylashtirish loyihalariga hamda avtomobillarni uchinchi mamlakatlar bozoriga eksport qilishni tashkil etishga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, mamlakatga BYD elektrobuslarini yetkazib berish va ularga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha muhandislik-servis markazlarini ochish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yil avgustida “O‘zavtosanoat” va BYD Auto O‘zbekistonda BYD avtomobillarini ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha bitim imzolagan edi. Unda O‘zbekistonda BYD avtomobillarining to‘liq sikli (CKD: shtamplash, payvandlash, bo‘yash, yig‘ish) ishlab chiqarishni tashkil etish ko‘zda tutilgan edi. Bundan tashqari, kelishuv shartlari mahsulotlarni mahalliylashtirish dasturini o‘z ichiga oladi — keyingi bosqichlarda dvigatellar, elektrodvigatellar, shuningdek, avtomobil akkumukyatorlari uchun batareyalar ishlab chiqarishni o‘z ichiga olgan.