Toshkent viloyati Parkent tumani “So‘qoq” qishlog‘ining “Tosar” hududidagi “So‘qoq Laziz Soli” fermer xo‘jaligi yer maydonlariga 20-sentabr kuni tunda Tyan-Shan qo‘ng‘ir ayig‘i kelib qolgan, deya xabar qildi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmati.

Ayiq fermer xo‘jaligi yer maydonida qo‘ylarga mo‘ljallangan qo‘ra yog‘ochlarini sindirib, fermerga tegishli 14 bosh qo‘yning ikki boshini olib ketgan. Bir bosh qo‘y yarador qilingan.

“2023-yilda qish fasli sovuqroq kelganligi sababli tog‘li hududlardagi ayrim mevali daraxt va butalarni sovuq urib, hosil juda kamayib ketgan. Natijada ayiq ozuqa izlab, aholi yashash punktiga tushib kelgan”, — deyiladi xabarda.

Ushbu hududda dala shiyponlarida yashovchi 4 ta oila 30 dan ortiq qora mol, qo‘y va echkilari bilan birga o‘zlarining yashash xonadonlariga ko‘chirildi.

Ayiq tushib kelgan hudud Parkent tumani ekologiya bo‘limi xodimlari hamda tuman IIB nozirlari tomonidan doimiy nazorat qilinmoqda.