Hafta davomida — 25−29-sentabr kunlari O‘zbekiston hududi bo‘yicha kuzning birinchi oyi uchun xos bo‘lgan quruq va iliq ob-havo saqlanib turadi, havo harorati o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlarga yaqin bo‘ladi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet xizmati agentligi.

Haftaning birinchi yarmida respublika bo‘yicha asosan kam bulutli ob-havo bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Haftaning ikkinchi yarmida havo bulutli bo‘ladi.

Lekin hududning katta qismida quruq ob-havo saqlanib turadi, faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida ish haftasining eng oxirida — 29-sentabr kuni ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi. Shamol sharqdan birozdan o‘rtachagacha esadi.

Kechalari va ertalabki soatlarda harorat +12…+17 daraja atrofida, nisbatan salqin bo‘ladi, kunduz kunlari esa quyosh nurlari havoni +25…+30 darajagacha, ba’zi joylarda +32 darajagacha isitadi.

Tog‘li hududlarda ayrim kunlarda jadalligi asosan biroz bo‘lgan yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

Toshkent shahrida 25−29-sentabr kunlari havo biroz bulutli bo‘ladi, vaqti-vaqti bilan o‘zgarib turadi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 3−8 m/s tezlikda esadi. Harorat kechalari +13…+16 daraja, kunduz kunlari +25…+28 daraja bo‘ladi.