Toshkent shahar Ekologiya boshqarmasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan obodonlashtirish xodimlari Chilonzor tumanidagi ko‘p yillik daraxtlarni kesayotgani aks etgan video yuzasidan vaziyatga izoh berdi.

Boshqarma xabarida aytilishicha, aholi tomonidan tumanning “Lutfiy” ko‘chasidagi qurib qolgan daraxtlarni kesish va o‘rniga boshqa o‘simliklar ekish bo‘yicha murojaatlar kelib tushgan.

Toshkent Botanika bog‘ining daraxtshunos mutaxassislari va davlat inspektori tomonidan daraxtlarning holati o‘rganilib, belgilangan qonun hujjatlari asosida 29 tup qurib qolgan daraxtni kesish uchun ruxsatnoma rasmiylashtirilgan.

“Tuman obodonlashtirish bo‘limi xodimlari yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarning oldini olish maqsadida qurib qolgan daraxtlarni kesgan”, — deyiladi xabarda.

Ekologiya vazirligi “Gazeta.uz”ga mazkur hududdagi daraxtlarga tuman obodonlashtirish bo‘limi javobgarligini qayd etdi.

Eslatib o‘tamiz, 2021-yil bahorida mazkur hududda prezident tashrifi arafasida 55 tup daraxtning tagiga parvarishlangandek ko‘rinishi uchun polietilen plyonka to‘shalib, keramzit sepilgandi. Oqibatda 33 ta daraxt tagi qurib qolgan, ayrimlari poyaning pastki qismida chirish belgilari kuzatilgan.

Shundan so‘ng Toshkent shahrining Chilonzor tumani hokimligi Obodonlashtirish boshqarmasi agronomlari tomonidan zararlangan daraxtlarga sug‘orish va davolash ishlari olib borilishini ma’lum qilgan.