Bir yilda nechta kitob o‘qiysiz? Kuningizning qancha qismini mutolaaga sarflaysiz? Xohlaganingizdan ko‘ra kam, to‘g‘rimi? Ish-tashvishning tugamasligi yoki shunchaki hafsala, xohish yo‘qligi bahona bunga. “Gazeta.uz” kitobxonlikni targ‘ib etish, o‘quvchini ko‘p va xo‘b o‘qishga undash niyatida “Nima o‘qiymiz?” savoli bilan olim, tadqiqotchi, jamoat faoli, yozuvchi-shoir, tarjimon va boshqalarga yuzlanadi, ularning yil davomida o‘qigan yo o‘qilishi shart deb sanagan kitoblari tavsiyasini sizga yetkazadi. Maqsad juda oddiy — kitobxon bo‘laylik!

“Nima o‘qiymiz?” loyihasining navbatdagi mehmoni — siyosatshunos Hamid Sodiq.

Mutolaa haqida

Avvallari kitoblarni ommaviy tavsiya qilmaslikka harakat qilar, kitob tavsiyasi shaxsiyroq masala deb hisoblardim. Lekin shu kunlarda faollarning tavsiyalari, ular o‘qiyotgan yoki tarjima qilayotgan kitoblar boshqalarning, xususan, yoshlarning mutolaaga berilishiga turtki beradi, degan fikrdaman.

Kitob — bu informatsiyalar to‘plami. Unda nazariyalar — hayotni modellashtiradigan tushunchalar, bilimlar yig‘iladi. Har qanday nazariya sizning o‘rganish predmetingizni, hayotni ma’lum bir rakursdan ko‘rsatib beradi, uni tushunishga imkoniyat beradi. Mening o‘rganish predmetim, bu — politologiya, uning eng markazida esa hokimiyat turadi: men mana shu hokimiyatni tushunishni istayman. Mening o‘rganish predmetim, qiziqadigan mavzum, bu — hokimiyat. Mutolaadan bosh maqsadim shu. Chunki jamiyatimizdagi hozirgi har qanday muammoning sababi hokimiyatni yaxshi tushunmasligimiz va uning portretini to‘liq ko‘rolmayotganimizda, deb o‘ylayman.

Shu bois so‘nggi vaqtlarda men asosan siyosiy adabiyotlarni, hokimiyatning mohiyatini ochib beruvchi kitoblarni mutolaa qilyapman va ularning tarjimasi bilan shug‘ullanyapman. Hozirgacha uchta kitobni tarjima qildim, yana bir kitob tarjimasida muharrir sifatida qatnashdim. Tarjima men uchun mutolaaning bir turi. O‘qiganim esimda qolishi nuqtai nazaridan ham tarjima men uchun muhim, bu xuddi konspekt qilishga o‘xshaydi. Tarjima jarayonida har bir fikrning mohiyatiga kirib borasiz, har bir berilayotgan nazariyani daqiq tushunishga harakat qilasiz.

Kitob o‘qish juda muhim. Olimlar aytadiki, fuqarolarning oliy ma’lumotliligi, kitobxonlik darajasi bilan davlatning demokratikligi o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri korrelyatsiya bor. Ya’ni, adolatli jamiyat qurish uchun odamlar albatta kitob o‘qishi kerak. Mutafakkirlar yana aytadiki, mutolaa vatandoshlarga ma’lum bir ijtimoiy, siyosiy munosabatlarga bog‘liq tushunchalarni bir xil tushunish imkoniyatini beradi. Ya’ni, biz ko‘p kitob o‘qisak, masalan, demokratiya tushunchasini Xorazmdagi oddiy inson ham, Andijondagi oddiy inson ham — ular bir-birini tanimasa-da — bir xil tushuna boshlaydi, harakatlarimiz bir xil bo‘ladi.

Shunday ekan, kitob, uning mutolaasi, tarjimasi va targ‘iboti huquqqa asoslangan adolatli davlat qurish yo‘lidagi uzoq muddatli, ayni damda eng sifatli ham ishonchli yo‘nalishlardan biri, deb hisoblayman.

Kitob tavsiyalari

So‘nggi vaqtlarda badiiy kitoblarni kamdan-kam o‘qiyapman. So‘nggi o‘qiganim — Jerom Selinjerning “Javdarzordagi xaloskor"i, lekin uni ham ko‘p o‘qiy olmadim, yarmida to‘xtatdim. Oxirgi to‘liq o‘qiganim badiiy kitob — Javlon Jovliyevning “Qo‘rqma” romani. Aslida bu siyosiy asar — bir avlodning ikkinchi bir avlodga e’tirozi. Umuman, talabalar, Jovliyev yoshidagi kritik massa siyosatning asosiy kuchi hisoblanadi, aynan ular siyosiy kuch bo‘la oladi. Shuning uchun ham universitetlar erkin bo‘lishi kerak, shuning uchun ham aynan mana shu qatlam ko‘proq kitob o‘qishi zarur, deyiladi.

Shuningdek, ancha avval olingan, lekin o‘qilmay turgan Frans Kafkaning “Evrilishi"ni ham to‘liq o‘qidim. Lekin shundan keyin badiiy kitoblar mutolaasiga hech vaqt bo‘lmayapti, to‘g‘rirog‘i, badiiy kitoblarga vaqt ajratgim kelmayapti. Ayni vaqtda, shuni ta’kidlash joizki, bizning milliy o‘ziga xosligimizni belgilab beradigan, ya’ni o‘zbek madaniy muhitiga tushish uchun zarur bo‘lgan kitoblar bor: bu — “O‘tgan kunlar”, bu — “Yulduzli tunlar”, bu — Cho‘lponning asarlari, bu — milliy qahramonlarimiz haqidagi kitoblar va hokazo. O‘zi inson 35−40 yoshgacha mana shu kitoblarni tabiiy ravishda o‘qiydi. Ya’ni, bu kitoblar ko‘p targ‘ib qilinadi va o‘qilishi kerak.

Men, yuqorida qayd etib o‘tganimdek, so‘nggi vaqtlarda asosan siyosiy kitoblar mutolaasi va tarjimasi bilan bandman.

Daron Ajemo‘g‘li, Jeyms Robinson. “Uzkiy koridor”

hamid sodiq, kitob, kitoblar, kitobxonlik, mutolaa, nima o‘qiymiz

Shu kunlarda o‘zbek jamoatchiligiga tanish bo‘lgan “Mamlakatlar tanazulli sabablari” asari mualliflari Daron Ajemo‘g‘li va Jeyms Robinsonning keyingi kitobi — “Tor koridor"ni ham o‘qiyapman (bilishimcha, bu kitob ham o‘zbek tiliga o‘girilmoqda). Bu — erkinlik haqidagi kitob. Asar boshida: “Erkinlik — bu jarayondir”, degan bir zo‘r fikr bor. Ya’ni, erkinlik bu — qo‘lga kiritilgach, tokchaga qo‘yib qo‘yiladigan narsa emas, u bilan har kuni hamma shug‘ullanishi kerak. Mualliflar asarda mana shu g‘oyani yetkazishga harakat qilgan.

Shu bilan birga, mazkur kitob menga Tomas Gobbsning “Leviafan” asari ahamiyatini tushuntirib berdi. Gobbsning kitobida “hammaning hammaga qarshi urushi”, “odam odamga bo‘ri” degan tushunchalar keladi, u ko‘proq avtoritarlikning mohiyatini ochib berishga intiladi. Avtoritarlik masalasini tushunish biz uchun eng muhim masalalardan biri, chunki biz avtoritar davlatda yashaymiz, shuning uchun ham bizda hokimiyatning kartinasi yo‘q, shuning uchun ham siyosiy nuqtai nazardan dunyodagi eng kam, ta’bir joiz bo‘lsa, Afrika mamlakatlaridan ham kamroq o‘rganilgan mamlakatmiz. Chunki O‘zbekistondan chiqadigan ma’lumot kam, sotsiologik tahlillar yo‘q.

Agar hokimiyatni ilmiy tahlillar, sotsiologik so‘rovlar bilan o‘rganmasak, uning harakatlarini bashorat qila olmaymiz. Siyosiy mavzudagi kitoblarni tarjima qilish, ularni targ‘ib qilish bu hokimiyatning asoslariga chiroq tutishdek gap, ana shunda biz uning xatti-harakatlarini bashorat qilish imkoniga ega bo‘lamiz.

Sharl Lui Monteske. “Qonunlar ruhi”

hamid sodiq, kitob, kitoblar, kitobxonlik, mutolaa, nima o‘qiymiz

Monteske hokimiyat bo‘linishi prinsipini asoslab bergan olimlardan biri. U boshqaruv shakliga ko‘ra davlatlarni respublika, monarxiya va despotik davlatlarga ajratadi. Monteske aytadiki, respublikaning qadriyati, uning tabiiy, o‘zgarmas prinsipi bu — erk. Ya’ni, respublikada yashayapsanmi, sening asosiy qadriyating erkinlik emas ekan, unda bu respublika emas. Mana shu fikrlarni huquqshunoslarimizga, siyosatshunoslarimizga yetkazishimiz kerak. Agar politologiyada o‘qiyotgan talabalar, huquqshunoslar Monteskeni mutolaa qilsa, erkinlik ular uchun qadriyatga aylanadi. Shu bois “Qonunlar ruhi” kitobi alohida bir darslik bo‘lishi kerak.

Monteske “Qonunlar ruhi"da despotik davlatlarga qiziq bir ta’rif beradi: despotik davlatlar Kaliforniyadagi bir yovvoyi qabilaga o‘xshaydi, deydi. Bu qabila a’zolari biror mevali daraxtni ko‘rib qolsa, mevani daraxtga chiqib emas, balki daraxtni ildizi bilan qo‘porib olib, keyin terib yeydi. Despotik davlatlar ham islohot qilaman yoki qandaydir bir maqsadga yetaman deb davlatning tuzilmasiga zarar yetkazadi. Monteske qonundan tashqarida harakat qilish — despotik davlatlarning tabiati, deydi. Qonunlari bor, lekin o‘zi shu qonunlardan tashqari harakat qiladi. Darhaqiqat shunday, biz “nega qonun doirasida harakat qilinmaydi?” deb boshimizni og‘ritamiz, axir uning tabiati shunday ekan — u qonun doirasida harakat qilolmas ekan. Monteske shularning barini tushuntiradi.

Yulo Vooglayd. “Vatandoshlik dasturi”

hamid sodiq, kitob, kitoblar, kitobxonlik, mutolaa, nima o‘qiymiz

O‘zbek tiliga o‘zim tarjima qilganimga qaramay, bu kitobni har o‘qiganimda xuddi birinchi marta mutolaa qilayotgandek bo‘laman, “nega shu joylari yodimda qolmagan?”, degan savollar tug‘iladi. Muhim, yangi, qadrli fikrlarga to‘la kitob. “O‘zimiz baxtli bo‘lishimiz uchun atrofdagilarni baxtli qilishimiz, buning uchun zarur oldshart (predposilka)larni yaratishimiz kerak”, — deydi muallif. Masalan, kitob tavsiyasi, kitob tarjimasi ham mana shunday oldshartlardan biri.

Vooglayd yana aytadiki, “insonning rollari qanchalik ko‘p bo‘lsa, u shunchalik baxtli bo‘ladi”. Bunda rollar deganda niqob almashtirish nazarda tutilmayapti, aksincha, misol uchun, bir erkakning ota roli bor, turmush o‘rtoq roli bor, mutaxassisligi bo‘yicha bir roli bor, yo bo‘lmasa mening huquqshunoslik, siyosatshunoslik, blogerlik rollarim bor, xususan, kitob tavsiya qilish ham — bir rol. Vooglayd “inson qanchalik ko‘p sifatli rollarni bajarsa, bugungi dunyoda shunchalik baxtli yashaydi”, deydi.

Rollar masalasida yana bir qiziq fikr bor — inson o‘zi bir rolni ijro etarkan, boshqalarga ham o‘z rollarini bajarish imkonini berishi kerak. Bu bizdagi eng katta muammolardan: ota o‘z farzandiga, er rafiqasiga, ustoz o‘z shogirdiga, rahbar xodimlariga (va hokazo) o‘z rolini bajarishga qo‘ymaydi, “Jim bo‘l, sen hali menga qarshi chiqasanmi!”, deydi. Buni siyosiy jabhaga ham ko‘chirish mumkin, deylik, ma’lum bir davlatning prezidenti parlamentga, ijro etuvchi hokimiyatga o‘z rolini bajarishga imkon bermaydi. Aslida imkon berish kerak, shunda inson (avvalo imkon beruvchining o‘zi) baxtning ta’mini his etadi.

Kitobning oxirgi 12-bobida demagoglarning 100 ta belgisi keltirilgan. Men mana shu belgilar orqali jamiyatimizdagi ko‘plab mediapersonalarga baho berganman. Qizig‘i, o‘zimda ham o‘sha belgilarni topib, ulardan qutilish kerakligini tushunib yetganman. Demagogiya yaxshi narsa emas, demagog — yolg‘onni rost qilib ko‘rsatadigan odam. Sotib olish.

Sergey Guriyev, Deniyel Treysman. “Manipulyativ diktatorlar: XXI asrda tiraniyaning o‘zgaruvchan qiyofasi”

hamid sodiq, kitob, kitoblar, kitobxonlik, mutolaa, nima o‘qiymiz

Bu kitobning o‘zbek tiliga o‘girilishining o‘ziga xos tarixi bor.

Biz uni imkon qadar tezroq tarjima qilish kerak, degan fikrga kelgandik. Ammo mualliflaridan javob ololmadik, tarjima va nashr uchun ruxsat olish niyatida ular bilan muloqotda bo‘ladigan kishilarni o‘rtaga solsak-da, mualliflardan javob olib bo‘lmadi. Noshirimizga “sudga bersa ham bu kitobni boshlaymiz, boshlashimiz kerak”, dedim. Moddiy manfaatimiz yo‘q edi, asar mintaqamiz siyosiy qiyofasi, undagi jarayonlar haqida bo‘lgani uchungina uni tezroq o‘zbek kitobxoniga yetkazishni istagandik. Kitob ingliz tilida yozilgan, uning o‘zbekcha tarjimasi ruschasidan avval tayyorlab bo‘lingandi. Ha, kitob tarjimasi avgust oyida mualliflar ruxsatisiz chiqdi, ammo hozir uni nashr etgan universitetdan kitobni o‘zbek tilida besh yil davomida chop etish huquqini beruvchi litsenziya olingan.

Kitob mohiyatiga keladigan bo‘lsak, unda klassik va zamonaviy diktatorlar ilmiy qiyoslangan. Klassik diktatorlar — misol uchun, Stalin, Mao Szedun — qo‘rquv diktatorlari edi, zamonaviylari esa manipulyativ, aldov diktatorlaridir. Masalan, Singapur sobiq bosh vaziri, bizda juda osmonga ko‘tariladigan Li Kuan Yu — aslida diktator, manipulyativ diktatorlarning otasi. Manipulyativ boshqaruvni ham aynan Li Kuan Yu boshlab bergan. Asarda, shuningdek, Qozog‘iston sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyevning siyosati ko‘p muhokama qilingan, Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham kitobning asosiy subyektlaridan biri. Agar mana shu kitob o‘qiladigan bo‘lsa, jamiyatimizda Putinga yoki putinizmga bo‘lgan munosabat o‘zgargan bo‘lardi, deb hisoblayman. Sotib olish.

Balint Madyar, Balint Madlovich. “Postkommunisticheskiye rejimы”

hamid sodiq, kitob, kitoblar, kitobxonlik, mutolaa, nima o‘qiymiz

“Postkommunistik tuzumlar” — juda chuqur tahlil qilingan fundamental asar, tavsiya qilmoqchi bo‘lgan kitoblarim orasida eng muhimlaridan biri. Ikki tomdan iborat ushbu kitobning birinchi qismida uni qanday o‘qish kerakligi haqida katta bo‘lim bor, ya’ni bu kitobni to‘g‘ri tushunish uchun unda keltirilgan qoidalarga rioya qilish kerak bo‘ladi. Tan olish kerak, bu kitob keng kitobxonlar ommasi uchun emas, balki ma’lum bir darajada siyosiy va huquqiy bilimlarga ega bo‘lgan mutaxassislarga mo‘ljallangan. Shu bois o‘zimda shunday reja ham bor hatto — kitobdan ma’ruzalar tayyorlab, yoshlarga yetkazish kerak. Kitobda postkommunistik avtoritar davlatlardagi rahbarlar, oligarxlar, harbiylar, diniy elita qanday, dinga munosabat qanday — har biri eng mayda detallarigacha ko‘rsatilib, tahlil qilib berilgan.

Vatslav Gavel. “Kuchsizlar kuchi”

hamid sodiq, kitob, kitoblar, kitobxonlik, mutolaa, nima o‘qiymiz

Tarjima qilgan birinchi kitobim. Chexiya birinchi prezidenti Vatslav Gavelning bu asari post-totalitar davlatlar, kuchsiz bo‘la turib davlat deb atalmish kuchli siyosiy institut oldida qanday qilib qadni tik tutish, qanday qilib unga singib ketmaslik haqida. Ma’lumki, bunday davlatlar mafkura orqali yolg‘on taklif qiladi va bu yolg‘on shu darajada qo‘llab-quvvatlanadiki, kishi oxir-oqibat uni haqiqiy hayot sifatida qabul qila boshlaydi.

Vatslav Gavelning falsafasi shundan iboratki, inson hamisha haq hayot bilan yashashi kerak, qachon qayerda bo‘lsa ham haqqa yopishish kerak. Ana shunda kuchsizlar parallel institutsiyalarni, parallel hayotni vujudga keltira oladi. Ya’ni, kuchsizlarning kuchi hamisha haq hayotda yashashdan iborat, deydi muallif. Sotib olish.