O‘zbekistonning viloyat markazlaridagi yirik bozorlar, istirohat bog‘lari va xiyobonlarida shaxsni yuzidan tanib oladigan videokameralar o‘rnatiladi. Bu haqda Milliy gvardiyasi qo‘mondoni Rustam Jo‘rayev mamlakat aholisiga qilgan murojaatida qayd etgan.

Uning ta’kidlashicha, bugungi kunda ayrim bozorlar, istirohat bog‘lari va xiyobonlar texnik va xavfsizlik vositalari bilan yetarli darajada jihozlanmagani hamda jamoat nazorati maskanlari mavjud emasligi oqibatida jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etilmoqda hamda favqulodda holatlar yuzaga kelmoqda.

Bunday salbiy holatlarning oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti tomonidan ilmiy yondashgan holda yaratilgan “Qo‘qon tajribasi” barcha hududlardagi bozorlarda joriy etiladi. Viloyatlar markazlaridagi yirik bozorlar, istirohat bog‘lari va xiyobonlarning ma’muriyati bilan birgalikda obyektlarning asosiy kirish joylariga shaxsni yuzidan tanib oladigan videokameralarni o‘rnatish choralari ko‘riladi.

Jamoat tartibini saqlash, yong‘in va boshqa favqulodda vaziyatlarning oldini olish samaradorligini oshirish maqsadida, qo‘shimcha videokuzatuv kameralari o‘rnatiladi va Yagona monitoring markaziga integratsiya qilinadi.

Rustam Jo‘rayevning ma’lum qilishicha, bozorlar, istirohat bog‘lari va xiyobonlardagi savdo obyektlari individual qo‘riqlash bo‘yicha signalizatsiya vositalari hamda ular joylashgan hududlar “Tashvish” tugmalari bilan bosqichma-bosqich jihozlanadi. Ushbu obyektlarga qarashli maydonlar va ularning yon-atrofida tushuntirish, targ‘ibot ishlari hamda fuqarolarni ogohlikka chaqirishga qaratilgan chora-tadbirlar kuchaytiriladi.

Mahallalarda huquqbuzarlikning oldini olish bo‘yicha yangi tizim va amaliyot joriy etilib, mulkiy va jamoat tartibiga qarshi qaratilgan jinoyatlar sodir etilishi ehtimoli yuqori bo‘lgan obyektlarda doimiy kuzatuv yo‘lga qo‘yiladi.

Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan binolar yoki ularga kirish yo‘laklariga o‘rnatilgan videokuzatuv moslamalarini o‘zida birlashtiradigan “Ye-Hamkor” dasturi tatbiq etilib, ushbu dastur ichki ishlar organlarining hududiy situatsion markazlariga integratsiya qilinadi.