21-sentabr kuni Nyu-Yorkda O‘zbekiston hukumati va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Loyiha xizmatlari bo‘yicha boshqarmasi (YUNOPS) o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi. U O‘zbekistonda YUNOPS faoliyatini kengaytirish va uning Markaziy Osiyo mintaqasida sa’y-harakatlarini oshirishga qaratilgan, deb xabar qildi YUNOPS matbuot xizmati.

Hujjatni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va BMT bosh kotibi o‘rinbosari, YUNOPS ijrochi direktori Jorj Moreyra da Silva imzoladi.

юнопс, бмт

YUNOPSning Toshkentdagi vakolatxonasi uning Markaziy Osiyodagi birinchi vakolatxonasi bo‘ladi. “Ishonchimiz komilki, bu aloqalarimizni boyitishga, ayniqsa, „O‘zbekiston — 2030“ strategiyasi va Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish borasidagi hamkorligimizni kengaytirishga xizmat qiladi”, — dedi tashqi ishlar vazirligi rahbari.

YUNOPS O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash va epidemiyaga tayyorgarlikni yaxshilashga qaratilgan bir qancha loyihalarda faol ishtirok etmoqda. Ofis, shuningdek, infratuzilmani rivojlantirish, inklyuziv va texnologiyalar bilan ta’minlangan ta’limni rag‘batlantirish orqali ta’lim sektorini qo‘llab-quvvatlash yo‘llarini o‘rganmoqda.

Imzolangan hujjatda asosiy e’tibor O‘zbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga salmoqli hissa qo‘shadigan asosiy ijtimoiy infratuzilmani, jumladan, shifoxonalar, maktablar va transport tizimlarini qurish va reabilitatsiya qilish kabi kompleks loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan. Bu “barqaror iqtisodiy o‘sishga, atrof-muhitni muhofaza qilishga, zamonaviy boshqaruvga va xavfsiz va tinch davlatni yaratishga” hissa qo‘shishi kerak, deyiladi xabarida.