O‘zbekistonda aholiga elektr energiyasi va gazni past tariflarda iste’mol qilish uchun davlat budjetidan o‘rtacha 14 trillion so‘mdan ortiq yoki 1 milliard 150 million dollar subsidiya ajratilmoqda. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Energetika vazirligining qayd etishicha, Narx shakllanishining bozor mexanizmlari mavjud emasligi sababli davlat energetika sohasini subsidiyalashga majbur.

Vazirlik ma’lum qilishicha, 1 kilovatt-soat elektr energiyasining tannarxi 970 so‘m. Бир oyda o‘rtacha 200 kilovatt-soat elektr energiyasi iste’mol qilinganda ham, davlat amalda har bitta iste’molchi uchun 135 ming so‘mdan subsidiya ajratmoqda. Mamlakatdagi iste’molchilar soni esa 7,4 million xonadonni tashkil etadi.

1 kub metr gaz tannarxi 1 890 so‘m. Isitish mavsumida 750 kub metr gaz yoqadigan bitta oila o‘rtacha 1 million 132 ming so‘m subsidiya olmoqda. Ayni paytda mamlakatdagi gaz iste’molchilarining jami soni 4,1 million xonadonni tashkil qiladi.

Bu degani bugun aholiga elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’moli uchun o‘rtacha 14 trillion so‘mdan ortiq ($1,15 mlrd) subsidiyalar ajratilmoqda.

“Sohaning zarar bilan ishlayotgani hisobiga uni davlat budjetidan subsidiyalash kamomadga olib kelmoqda. Bu esa ijtimoiy sohaga ko‘proq mablag‘ yo‘naltirishga imkon bermayapti. Buning natijasida esa aslida tizimni yangilashga yo‘naltirish mumkin bo‘lgan mablag‘lar faqatgina paydo bo‘lgan ushbu tafovutni qoplashga sarflanmoqda”, — deyiladi xabarda.

Vazirlik ta’kidlashicha, narxlarni to‘liq subsidiyalash o‘rniga sohaga bozor tamoyillarini joriy etish, iste’mol qilingan energiya uchun bozor talablaridan kelib chiqib haq to‘lanishi muhim. Agar sohaga bozor qonunlari joriy qilinsa, ertaga bu mablag‘lar tejaladi, natijada tejalgan mablag‘ni ijtimoiy sohani rivojlantirishga, yangi maktablar, tibbiyot muassasalarini qurishga, har bir sohada ishlab chiqarishni taraqqiy ettirish uchun zamonaviy texnologiyalarni olib kirishga, qolaversa, energetika tizimini chuqur modernizatsiya qilishga ham sarflash mumkinligi qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yilning may oyida Energetika vazirligi elektr energiyasi tannarxi 1 kVt/soat uchun 800 so‘m, gaz 1 kubometr uchun 1400 so‘mni tashkil etishi haqida xabar bergan edi. Shunday qilib, bir yarim yildan kamroq vaqt ichida elektr energiyasi narxi 21,2 foizga, gaz narxi 35 foizga oshdi. E’tiborlisi, yaqinda 11-sentabr kuni jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov bir kVt/soat elektr energiyasi narxi 800 so‘mdan oshganini ma’lum qilgan edi.

Moliyachi Otabek Bakirov xarajat ma’lumotlarining ishonchliligiga shubha qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar Energetika vazirligi ma’lumotlari to‘g‘ri bo‘lsa, O‘zbekiston Qirg‘izistonga gazni (2022-yilning yanvar-sentabr oylarida — 1000 kub metri uchun o‘rtacha 150 dollar), shuningdek, Afg‘onistonga elektr energiyasini (2022-yilda — 1 kVt/soat uchun 5 sent) o‘z qiymatidan arzonroq sotmoqda.

Uning ta’kidlashicha, 1-oktabrdan nafaqat yuridik shaxslar uchun elektr energiyasi va gaz narxlarining oshirish, balki butun energiya bozorini isloh qilish zarur.

Germaniyada ishlayotgan energetika eksperti Ravshan Xuzanov Kun.uz muxbiriga bergan intervyusida iste’molchilar davlat kompaniyalari elektr energiyasini ishlab chiqarish va yetkazib berishga qanday ustama qo‘yishini ko‘rishlari uchun energiya resurslarining butun tannarx zanjirini oshkor qilishga chaqirdi. Ma’lumotlar yashirin va noaniq bo‘lsa, jamoatchilik bunga shubha bilan qaraydi, dedi u.