Hukumat qarori bilan O‘zbekistonga import qilishda bojxona boji va qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS)dan ozod etiladigan, o‘xshashi respublikada ishlab chiqarilmaydigan texnologik asbob-uskunalar ro‘yxati kengaytirildi.

Qaror prezidentning “Sanoat ishlab chiqarishida xomashyo uzluksizligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha qulayliklarni yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilingan.

Ro‘yxatga quyidagi turdagi asbob-uskunalar kiritildi:

  • nasoslar;
  • hajmli qaytma-ilgarilanma kompressorlar;
  • g‘ildirakli, harakatlanadigan ko‘tarma fermalar va potal yuk ortgichlar;
  • minora kranlari;
  • to‘qimachilik tolalarini transportirovka qilish uchun pnevmatik ko‘targichlar va konveyerlar;
  • boshqa pnevmatik ko‘targichlar va konveyerlar;
  • tovarlar yoki materiallar uchun uzluksiz ishlaydigan boshqa kovshli elevator va konveyerlar;
  • tovarlar yoki materiallar uchun uzluksiz ishlaydigan boshqa tasmali elevator va konveyerlar;
  • tovarlar yoki materiallar uchun uzluksiz ishlaydigan boshqa rolikli konveyerlar;
  • tovarlar yoki materiallar uchun uzluksiz ishlaydigan boshqa elevatorlar va konveyerlar;
  • pochta jo‘natmalarini saralash, taxlash yoki konvertlarga joylash yoki o‘rab bog‘lash uchun mashinalar, pochta jo‘natmalarini ochish, yopish yoki muhrlash uchun mashinalar hamda pochta markalarini yopishtirish yoki hisobdan chiqarish uchun mashinalar;
  • tamaki tayoqchalari (stiklari)ni ishlab chiqarish uchun uskuna;
  • o‘zgaruvchan tok generatorlari (nominal chiqish quvvati 375 vKa dan 750 kVA gacha);
  • o‘zgaruvchan tok generatorlari (nominal ishlab chiqish quvvati 750 kVa dan yuqori);
  • yuqori haroratli payvandlash uchun boshqa mashina va apparatlar;
  • yo‘lsiz sharoitlarda foydalanish uchun mo‘ljallangan, elektromexanik transmissiyaga ega (dizel va elektr dvigatellari o‘rnatilgan), yuk ko‘tarish quvvati 50 tonnadan yuqori bo‘lgan yuk mashinasi (avtomobil samosval);
  • issiqxona uchun uskuna va jihozlar.

Avvalroq prezident farmoni bilan O‘zbekistonga sement, fanera, qolip va boshqa qurilish materiallarini olib kirish 2025-yilgacha bojxona to‘lovlaridan ozod qilingandi.