Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi taqdimnomasi bilan Qarshi shahri hokimi Normo‘min Xolboyevning o‘zini 75 mln so‘m bilan rag‘batlantirish bo‘yicha qarori bekor qilindi.

25-avgust kuni hokim zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan viloyat miqyosida “Eng tashabbuskor sektor” deb e’tirof etilgan Qarshi shahri 1-sektor rahbarini, ya’ni o‘zini rag‘batlantirish xarajatlariga 75 mln so‘m mablag‘ ajratish to‘g‘risida qaror qabul qilgandi. Eslatib o‘tamiz, viloyat, shahar va tumanlar 4 ta sektorga bo‘linadi, ularga hokim, prokuror, Soliq boshqarmasi/inspeksiyasi rahbari va Ichki ishlar boshqarmasi/bo‘limi rahbari yetakchilik qiladi. Sektorlar faoliyat samaradorligi ko‘rsatkichiga ko‘ra baholanadi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining qayd etishicha, hokim qarori amaldagi qonunchilik hujjatlari talablariga zid tarzda qabul qilingan. Normo‘min Xolboyevning sektori viloyatda ikkinchi o‘rinni egallagan, Vazirlar Mahkamasining 536-sonli qaroriga binoan “Eng tashabbuskor sektor” nominatsiyasida g‘olib bo‘lgan sektorlar quyidagi tartibda rag‘batlantiriladi:

  • 1-o‘rin uchun — BHMning 200 baravari miqdorida;
  • 2-o‘rin uchun — BHMning 150 baravari miqdorida;
  • 3-o‘rin uchun — BHMning 100 baravari miqdorida.

Mazkur holatda rag‘batlantirish BHMning 150 baravari miqdoridan (45 mln so‘m) oshmasligi va Qashqadaryo viloyati mahalliy budjetining qo‘shimcha manbalaridan berilishi masalasi mahalliy kengashlar tasdig‘iga kiritilishi lozim edi.

Lekin amalda bu qaror kengash tomonidan tasdiqlanmagan va rag‘batlantirish summasi belgilanganidan 3,33 marta ko‘proq bo‘lgan.

Holat yuzasidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi korrupsiyani keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish choralarini ko‘rish to‘g‘risida taqdimnoma kiritdi. Taqdimnomaga asosan 19-sentabr kuni Qashqadaryo viloyat hokimi Murotjon Azimov Qarshi shahri hokimining bu qarorini bekor qildi.

Shuningdek, mazkur holatda qonun buzilishiga yo‘l qo‘ygan shaxslarga tegishli qonuniy chora ko‘rish uchun agentlik tomonidan to‘plangan hujjatlar Bosh prokuratura hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligiga yuborildi.