“Hech qachon karnavalda bo‘lmaganmisan? Albatta bor! Bu juda ajoyib: musiqa yangraydi, turli masxarabozlar chopib yuradi, chiroqlar yoqiladi. O‘sha yerda olomon ichida yurasan va hatto qattiq xafa bo‘lgan taqdiringda ham tabassum qilasan”, — Elyor Eshmuhamedovning “Nazokat” filmi qahramoni, Lenaga oshiq Temur uni sevib qolgan Ma’muraga toshkentliklarning an’anaviy sentabr bayramini shunday ta’riflaydi.

“[Filmni] tomosha qilsam yig‘layman — endi Lena o‘lgani uchun emas, balki yoshligim o‘tmishda qolgani uchun”, — deya o‘z xotiralari bilan bo‘lishadi toshkentlik Tamila Isyanova.

83 yoshli Mahfuza Hamidovaning xotirlashicha, Yoshlar karnavali sentabr oyining birinchi yoki ikkinchi dam olish kunlari o‘tkazilgan. Tantanani respublikaning Markaziy istirohat bog‘i (hozirgi O‘zbekiston Milliy bog‘i)da komsomolchilar (yoshlarning kommunistik ittifoqi a’zolari) uyushtirgan. Bayram kech soat 6−7 da — shaharni g‘ira-shira qoplagan, bog‘da esa chiroqlar yoqilgan payti boshlangan.

yoshlar karnavali

Foto: O‘zbekiston kinofotofono hujjatlari milliy arxivi.

“Qizig‘i shundaki, karnavallarni xalq xo‘jaligi, politexnika institutlarining sobiq talabalari, konservatoriyaning sobiq tinglovchilari eslaydi, — deydi jurnalist Baxtiyor Nasimov. — Toshkentda esa u haqda mutlaqo hech narsa bilmaydigan avlod voyaga yetdi. Axir karnaval, oho, qanday ajoyib voqea edi! Mayli, umumjahon yoki sayyora miqyosidagi bo‘lmasin, lekin, ehtimol respublika va shahar miqyosida — shubhasiz, katta voqea edi”.

Karnavalning yaqinlashib kelayotgan sanasi haqidagi e’lonlar shaharda bayramdan ancha oldin paydo bo‘lardi. Istirohat bog‘i darvozalari yorqin plakatlar bilan bezatilgan, gazetalarda e’lonlar bosilgan.

yoshlar karnavali

Elyor Eshmuhamedovning “Nazokat” filmidan lavha.

Karnaval maxsus liboslar tadbiri edi — shuning uchun ham uni intiqlik bilan kutishgan. Qatnashchilar kiygan liboslar oddiy, niqoblar qog‘ozdan kesib olinardi — axir deyarli hech kimda pul bo‘lmagan. Mahfuza Hamidova — 1959-yilda 17 yoshli 10-sinf o‘quvchisi — ilk karnavaliga maktab formasida chiqqan.

“O‘sha paytda [karnaval uchun maxsus] liboslar kam, asosan yangi yil yoki ertak qahramonlari ko‘rinishlari bo‘lardi. Ammo niqoblar bayramning asosiy atributi edi. Ular kartondan kesib olingan yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuzga chizilgan. Ijodkor yigitlar pardoz qilishardi: ko‘pincha qizartirilgan yonoqlar, mushuk mo‘ylovlari, quyon tishlari va kulgili qiyofalarni chizishardi”, — hikoya qiladi Mahfuza Hamidova.

Baxtiyor Nasimov pape-mashe — tolali materiallar (qog‘oz, karton) va yopishqoq vositalar (kraxmal, gips) aralashmasidan tayyorlangan karnaval niqoblarini: ularning hidi, ichki yuzasining silliq teksturasi, ko‘zlar uchun dum-dumaloq teshiklari eslaydi. Boshqa, klassik, rezinkali niqoblar ham bo‘lgan.

yoshlar karnavali

Foto: O‘zbekiston kinofotofono hujjatlari milliy arxivi.

Baxtiyor Nasimovning hikoya qilishicha, karnavalga kirish pullik bo‘lgan.

“Biroq mahalliy to‘da atayin chipta sotib olmasdi va ko‘lga barcha mumkin bo‘lgan va imkonsiz usullar bilan kirib olardi, — xotirlaydi jurnalist. — Eng ommalashgani — daryo bo‘ylab joylashgan quvurlar orqali. Hozirgi kunda Magic Cinema’dan chiqqan istalgan odamning bu daryoga ko‘zi tushadi. O‘sha paytda u o‘ralgan edi, o‘t bosgan qirg‘oqlari loy, shu qadar chuqur joylari bor ediki, bolalar daraxtlardan sho‘ng‘ib, boshlarini urib olardi. Karnaval oldidan ko‘l ma’muriyati quvurlarga ehtiyotkorlik bilan moy surib chiqardi, go‘yo moy bizni to‘xtatib qola oladigandek”.

yoshlar karnavali

Foto: O‘zbekiston kinofotofono hujjatlari milliy arxivi.

Bolalar karnavalga oldindan tayyorgarlik ko‘rarkan, “o‘ttiz uch bolalik zavqi uchun” oz-moz aqcha jamg‘arishga harakat qilgan, deydi Baxtiyor Nasimov.

“Karnaval uchun minimal dastur shunday edi: paqildoq (bengal chiroqchalari) yoqib, uni silkitgancha uchqunlarini sachratib yugurish, muzqaymoq va shirin paxta yeyish, tirda o‘q otish, kiyik shoxlaridan tutgancha karuselda uchish va eshkakli qayiqda bepul sayr qilishning yo‘lini topish”.

Toshkentlik Karim Nasimov har qadamda uchragan palov va donasi bir yarim so‘mlik (o‘sha paytda juda katta pul) katta Kavkaz kaboblari, ustida gilos yoki shirin sirop quyilgan mazali muzqaymoq, “Dyushes” va “Buratino” limonadlarini eslaydi.

“Yigitlar bilan maza qilib sayr qilardik, — deydi u. — Hamma joyda estrada san’atkorlarining rang-barang chiqishlari bo‘lardi, “rakovina"da puflab chalinadigan cholg‘ular orkestri kuy chalardi. Rakovina shaklidagi qalpoqli sahnasi bo‘lgan yozgi san’at saroyini shunday atardik … Ko‘l bo‘ylab “Drujba” teploxodi, yirik kater, kichik motorli va yog‘och eshkakli qayiqlar suzib yurardi”.

yoshlar karnavali

Foto: O‘zbekiston kinofotofono hujjatlari milliy arxivi.

“Aravada sotiladigan limonadlar 1 tiyindan — bir stakan gazlangan suvga bir qoshiq sirop, murabbo solingan piroglar 5 tiyindan va ustiga ko‘knor (mak) sepilgan bulochkalar, shakarli „tillar“ va pryaniklar — 10−15 tiyindan”, — deya sanab o‘tadi Mahfuza Hamidova.

“Yana, yarador komsomolchining bahaybat haykalidan „suzib“ chiqqan, puflab chalinadigan cholg‘ular orkestri kuy chaladigan katta sahna ham bor edi”, — deya xotirlaydi Xolmat va Qo‘chqor Axmurzayevlar.

Konsert dasturi pionerlar va komsomolchilarning chiqishlaridan iborat bo‘lgan. Ular raqslar tayyorlashgan, she’rlar o‘qishgan va sahna ko‘rinishlari namoyish etishgan. Mahfuza Hamidova Bolalar qo‘g‘irchoq teatri spektakllarini, Pionerlar saroyi bolalar xorining qo‘shiqlarini eslaydi. Xor vatan, kompartiya va Lenin haqida qo‘shiqlar kuylagan.

yoshlar karnavali

Foto: O‘zbekiston kinofotofono hujjatlari milliy arxivi.

Shuningdek, karnaval musobaqa va o‘yinlarsiz o‘tmagan. Toshkentliklar savatga to‘p tashlashgan, to‘p bilan kegllarni urib yiqitishgan (bouling), “Mushuk-sichqon”, “Oq terakmi, ko‘k terak”, “Qo‘zichoq va echkichalar”, “Ko‘z boylog‘ich” o‘ynashgan. G‘oliblarga kitoblar va o‘quv qurollari topshirilgan. Mahfuza Hamidova o‘zining ilk karnavalida, keyinchalik maktabda uzoq vaqt maqtanib yurgan, albom va rangli qalamlar to‘plamini qo‘lga kiritgan.

Yozgi kinoteatrda xuddi boshqa paytlardagidek filmlar namoyish qilingan. Chiptasiz tomoshabinlar kinoteatr yaqinidagi daraxtlarning qalin shoxlariga chiqib olib, oyoqlarini yerga osiltirgan holda film tomosha qilishni yaxshi ko‘rgan. Istirohat bog‘i hududida yozgi “Yashil teatr” bo‘lgan. U nisbatan yaqinda — Baxtiyor Nasimovning xotiralariga ko‘ra, 2010-yil 8-mayda buzib tashlangan.

Komsomol ko‘li yaqinida ochiq amfiteatr bo‘lgan, u yerda milliy sirk artistlari chiqish qilishgan. Oq yaktak ustidan qiyiqcha bog‘lagan, etik kiyib, boshiga do‘ppi qo‘ndirgan dorbozlar arqonda favqulodda havfli sakrab, o‘yinlar ko‘rsatgan.

yoshlar karnavali

Foto: O‘zbekiston kinofotofono hujjatlari milliy arxivi.

“Polvon bahodirlar bir-biriga bog‘langan ikki pudli toshlarni yerdan tishlari bilan ko‘tarib olardi. Pahlavon yigitlar toshlarda [havoda o‘ynatib] jonglyorlik qilardi, baland ovozda ter bosgan yelkalariga qoqib qo‘yardi. Ajoyib masxaraboz Akram Yusupov va uning „Ish-421“ eshagini karnavalda aniq ko‘rganman: to‘rt tuyoqli, ikkita quloqli va bitta dumli eshak”, — deydi Baxtiyor Nasimov.

yoshlar karnavali

Illyustrativ surat. Manba: O‘zbekiston kinofotofono hujjatlari milliy arxivi.

Yoshlar karnavalining asosiy voqeasi, shubhasiz, bayram mushakbozligi edi. Hali bola bo‘lgan Baxtiyor Nasimov do‘stlari bilan mushakbozlikni mushak otayotgan harbiy xizmatchilarga imkon qadar yaqindan turib kuzatishga harakat qilgan.

“Har zarbadan so‘ng, yonib ulgurmagan bo‘laklar, shuningdek, qizil, yashil va sariq rangli metall doiralar jaranglab yerga tushardi, biz ularni yig‘ib olardik”.

Karnaval yarim tungacha davom etgan. Mahfuza Hamidova markaziy xiyobondagi maydonchada raqs tushishni qanchalik yaxshi ko‘rganini, istirohat bog‘idan uzoqda yashovchi shaharlik sifatida shahardagi yagona transport — tramvayga ulgurishga harakat qilganini eslaydi. Tramvay toshkentliklarni tungi soat birgacha tashigan. Biroq, ko‘pchilik uyiga piyoda qaytgan. Shahar ko‘chalari qo‘shiq kuylayotgan olomonning bir-birini bosib ketayotgan quvnoq ovoziga to‘lib ketgan. Odamlar uyga charchab, xush kayfiyatda qaytgan.

yoshlar karnavali

Yoshlar karnavali toshkentliklarning turli avlodlari uchun turlicha ma’noga ega bo‘lgan. Urush va urushdan keyingi davrdagi turmushdan charchagan keksa shaharliklar bayramda dam olish imkoniga ega bo‘lgan. Bayram odamlar o‘yin-kulgini unutgan va shaharlarda ko‘ngilochar hech narsa qolmagan urush davridan keskin farq qilardi.

Karnavalga hali bola paytida tashrif buyurgan Baxtiyor Nasimov uchun bayram yoz va yozgi ta’til bilan yorqin xayrlashuv edi, undan so‘ng maktabda uzoq kuz va qish soatlari boshlangan.

Material ustida Farzona Xamidova, Viktoriya Abdurahimova va Jahongir Azimov ishladi.