19-sentabr kuni soat 21:00 atrofida Toshkent shahar Yashnobod tumani Yangi O‘zbekiston ko‘chasida 3 ta avtomobil ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz”ga poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati.

Spirtli ichimlik iste’mol qilgan Nexia-3 haydovchisi rul boshqaruvni yo‘qotishi oqibatida qarama-qarshi tomondan harakatlanib kelayotgan Nexia-1 va Spark avtomashinalari bilan to‘qnashgan.

YTH oqibatida 3 nafar shaxs voqea sodir bo‘lgan joyda vafot etgan. 5 nafar fuqaro esa turli darajadagi tan jarohati bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.