Shavkat Mirziyoyev 19-sentabr kuni BMT Bosh assambleyasining 78-sessiyasi doirasida Jahon savdo tashkiloti (JST) bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Unda O‘zbekistonning tez fursatda JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Davlat rahbari O‘zbekiston o‘z oldiga o‘rta va uzoq muddatli rivojlanish bo‘yicha qo‘ygan maqsadlardan kelib chiqqan holda tashkilotga qo‘shilish muhim ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidladi.

Ishchi guruhning navbatdagi yig‘ilishini tayyorlash, shuningdek, jarayonda ishtirok etayotgan mutaxassislar salohiyatini kuchaytirish va malakasini oshirish masalalariga to‘xtalib o‘tildi.

“JST bosh direktori O‘zbekiston tomonidan tashkilotga a’zo bo‘lish borasida ko‘rilayotgan choralarni yuqori baholadi. Ngozi Okonjo-Iveala JST kotibiyati O‘zbekistonning sa’y-harakatlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini hamda mamlakatimiz yaqin kelajakda tashkilotga qo‘shilishiga ishonch bildirdi”, — deyiladi matbuot xizmati xabarida.

Uchrashuv yakunida ishchi guruhning navbatdagi yig‘ilishiga tayyorgarlikni jadallashtirish, mutaxassislarning malakasini oshirish hamda qonunchilikni JST bitim va qoidalariga uyg‘unlashtirish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Tashkilot rahbari uchrashuv haqida o‘zining X (sobiq Twitter)dagi sahifasida yozib qoldirdi.

Twitter / NOIwealaTwitter / NOIweala

“O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan qizg‘in uchrashuvda mamlakatning JSTga a’zoligi masalasi muhokama qilindi. Bu bo‘yicha ishlar olib borilmoqda va kelgusidagi ish dasturi mavjud. JSTga kirish yo‘lida tashkilot a’zolari bilan hamkorlikka kirishishga tayyorlikni ko‘rib turganimdan mamnunman”, — deya qayd etdi Ngozi Okonjo-Iveala.

Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh assambleyasining 78-sessiyasidagi nutqida yaqin orada Jahon savdo tashkilotiga to‘laqonli a’zo bo‘lish O‘zbekiston iqtisodiyotini liberallashtirish yo‘lidagi ustuvor yo‘nalishlardan biri ekanini ta’kidlab o‘tdi.

Avgust oyida prezident qonunchilikni JST kelishuvlariga uyg‘unlashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlarni tasdiqlagandi.