BMT va uning barcha institutlari dasturiy hujjat — “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini amaliy amalga oshirishda yordam berishga tayyor. Bu haqda tashkilot bosh kotibi Antoniu Guterrish 19-sentabr kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh assambleyasining 78-sessiyasi doirasidagi Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvida ma’lum qildi.

O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, BMT rahbari “O‘zbekistonni isloh qilish bo‘yicha yangi strategiyaga kiritilgan maqsad va vaziflarning ko‘lamdorligini, ular Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan to‘liq hamohangligi”ni qayd etdi.

Tomonlar O‘zbekistonning BMT bilan hamkorligini yanada kengaytirish istiqbollari, eng avvalo, barqaror rivojlanish sohasidagi milliy vazifa va maqsadlarni ro‘yobga chiqarish masalalarini ko‘rib chiqdi.

Ayni paytda qariyb 140 ta dastur va loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh assambleyasining 6 ta rezolyutsiyasi qabul qilindi, Orolbo‘yi mintaqasi ahosilini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun maxsus Trast fondi faoliyat yuritmoqda.

Antoniu Guterrish Bosh assambleya sessiyasida Shavkat Mirziyoyev tomonidan bildirilgan, global va mintaqaviy muammolarga yechim topish borasida ilgari surilgan tashabbus va takliflar muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Muzokaralar yakunida O‘zbekiston bilan BMT o‘rtasidagi keng ko‘lamli sheriklikni chuqurlashtirishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishib olindi.