O‘zbekiston Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Ozarbayjonning Report axborot agentligiga intervyu berib, mamlakat Ozarbayjonning hududiy yaxlitligini tiklash borasidagi qat’iyatini olqishlashini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni damda O‘zbekiston-Ozarbayjon munosabatlari oltin davrni boshdan kechirmoqda.

“Bugun Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalar tarixda misli ko‘rilmagan daraja, desak bo‘ladi. O‘tgan yili prezident Ilhom Aliyev O‘zbekistonga uch marta tashrif buyurdi. Adashmasam, bunaqasi birinchi marta kuzatilmoqda. Bugun biz siyosiy muloqotni, o‘zaro tushunishni yanada kuchaytiryapmiz, iqtisodiy aloqalar rivojlanmoqda”, — deya Safoyevning so‘zlaridan iqtibos keltirgan agentlik.

Senat raisining birinchi o‘rinbosari O‘zbekiston prezidentining Ozarbayjonga so‘nggi ikki tashrifi chog‘ida Fuzuliy shahrida maktab ochilganidan va u yerda o‘quvchilar o‘qiyotganidan xursand ekanini ta’kidlagan.

“Ushbu tashrif doirasida men ham davlat rahbariga hamrohlik qildim. Biz bir tomonda Armaniston 30 yil ichida vayron qilgan shaharlar, qishloqlar va aholi punktlarini, ikkinchi tomonda esa Ozarbayjon qisqa fursatda qayta jonlantirgan Qorabog‘ni ko‘rdik. Hudud qayta tiklanganidan juda xursand bo‘ldik”, — deydi Sodiq Safoyev.

U, shuningdek, O‘zbekiston har doim Ozarbayjonning qonuniy kurashi bo‘yicha o‘z pozitsiyasini aniq bayon qilib kelganini ta’kidlab o‘tdi.

“Biz Ozarbayjonning barcha sohalarda, ayniqsa, hududiy yaxlitlik va adolatni tiklash borasida erishayotgan yutuqlaridan mamnunmiz. Biz Ozarbayjonning hududiy yaxlitligini tiklash va himoya qilishda barcha qiyinchiliklarga qaramay olib borayotgan adolatli kurashida qo‘llab-quvvatlaymiz, hukumat va xalqning qat’iyatini olqishlaymiz. Ishonchim komilki, Ozarbayjon yaqinda Qorabog‘ni dunyoning eng jannatmakon hududlaridan biriga aylantiradi, Shusha esa uning go‘zalligidan bahramand bo‘lishlari uchun quchog‘ini ochib, butun dunyodan mehmonlarni kutib oladi”, — deya ta’kidladi Safoyev.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Qorabog‘da 9-sentabrda bo‘lib o‘tgan deb atalmish prezidentlik saylovlarini tan olmasligini ma’lum qilgandi.

O‘zbekiston Respublikasi do‘st Ozarbayjon Respublikasining suvereniteti va hududiy yaxlitligini qat’iy qo‘llab-quvvatlaydi, uning ichki ishlariga har qanday aralashuvni qoralaydi va Qorabog‘da o‘tkazilgan qo‘shtirnoq ichidagi prezident saylovlarini tan olmaydi, deyilgan bayonotda.

Tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi (TQR) parlamenti 9-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari yig‘ilishda TQRning yangi prezidenti sifatida 45 yoshli Samvela Shaxramanyanni saylagan. “Yashirin ovoz berishda 23 nafar deputat qatnashdi, ulardan 22 nafari Shaxramanyan nomzodini yoqlab, bir nafari qarshi ovoz berdi”, — deya “Interfaks” tan olinmagan respublika parlamentiga tayanib xabar berdi. Shaxramanyan prezident lavozimiga yagona nomzod edi.

1-sentabr kuni tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi prezidenti Araik Arutyunyan parlamentga iste’foga chiqish to‘g‘risida ariza topshirgandi. Saylovlarning qonuniyligi Yevropa Ittifoqi tomonidan ham tan olinmadi.

20-sentabr kuni esa Ozarbayjon harbiylari tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi hududida “aksilterror tadbirlari”ni o‘tkaza boshladi.

“2020-yil 10-noyabrda imzolangan uch tomonlama deklaratsiya qoidalarini ta’minlash, Qorabog‘ iqtisodiy rayonida keng ko‘lamli provokatsiyalarni bostirish, Armaniston qurolli kuchlarini hududlarimizdan chiqarib yuborish va qurolsizlantirish, ularning harbiy infratuzilmasini zararsizlantirish, bosqindan ozod qilingan hududlarga qaytgan tinch aholi, davlat xizmatchilari, qurilish-ta’mirlash ishlariga jalb etilgan harbiylarimiz xavfsizligini ta’minlash hamda Ozarbayjon konstitutsiyaviy tuzumini tiklash bo‘yicha mintaqada mahalliy aksilterror tadbirlari boshlandi”, — deyiladi Ozarbayjon Mudofaa vazirligi bayonotida.

Armaniston Mudofaa vazirligi esa mamlakat chegaralarida vaziyat barqaror ekanini e’lon qilgan.

Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi Tog‘li Qorabog‘ bo‘yicha mojaro 1980-yillarning oxiridan beri davom etib keladi. 2020-yil sentabr oyi oxirida vaziyat yana keskinlashganidan so‘ng Yerevan Tog‘li Qorabog‘ning bir qismini Boku nazoratiga qaytarishga rozi bo‘lgan va tomonlar harbiy harakatlarni to‘xtatish to‘g‘risida kelishuv imzolagan. O‘zaro hududlar tutashgan chiziq bo‘ylab Rossiya tinchlikparvar missiyasi joylashtirildi.