Shavkat Mirziyoyev 19-sentabr kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh assambleyasining 78-sessiyasida so‘zlagan nutqida Markaziy Osiyo mintaqasida “mintaqaviy o‘ziga xoslikni anglash” tuyg‘usi kuchayib borayotganini ta’kidladi.

“So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo yaxshi qo‘shnichilik, barqarorlik, o‘zaro hamkorlik va rivojlanish yo‘lidan bormoqda. Birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz tufayli O‘zbekiston barcha qo‘shnilari bilan davlat chegaralari, transport koridorlari va suvdan foydalanish bo‘yicha muammolarni bartaraf etishga muvaffaq bo‘lmoqda”, — dedi prezident.

U so‘nggi yillarda mintaqa davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 2,5 barobar, qo‘shma korxonalar soni esa 5 barobar oshganini ta’kidladi.

“Mintaqamiz iqtisodiy rivojlanish markaziga, Sharq va G‘arbni, Shimol va Janubni bog‘laydigan transport-kommunikatsiya ko‘prigiga aylanib, unga qiziqish tobora ortib bormoqda”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Markaziy Osiyoning dunyoga ochiqligi — mintaqa xavfsizligi va barqaror rivojlanishini ta’minlaydigan eng muhim shartga aylanmoqda, dedi u.

“Ishonch bilan aytish mumkinki, bizning xalqlarimizni mintaqaviy o‘ziga xoslikni anglash tuyg‘usi birlashtirmoqda va bu tuyg‘u tobora kuchayib bormoqda. Bizning nafaqat tariximiz, balki kelajagimiz, hayotiy muhim manfaatlarimiz ham umumiy va mushtarakdir. Mintaqaviy hamkorligimizni kengaytirishdan boshqa yo‘limiz yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas!” — dedi O‘zbekiston prezidenti.

U “xalqaro hamjamiyatning qo‘llovi bilan Markaziy Osiyo birdamlik yo‘lidan borishda davom etishiga” ishonch bildirdi.

“Markaziy Osiyoni tinch va gullab-yashnayotgan hududga aylantirish O‘zbekiston tashqi siyosatida bundan buyon ham ustuvor maqsad bo‘lib qoladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston prezidenti o‘z nutqida, shuningdek, dunyoda “ishonch inqirozi” va “xalqaro huquqdan chekinish” tufayli yuzaga kelgan keskinlik kuchayib borayotganini qayd etgandi. U mamlakatlarni “umumiy manfaatlarni mavjud ziddiyatlardan yuqori qo‘ygan holda” jipslashishga chaqirdi.