O‘zbekistonda Arizona davlat universiteti (AQSh) bilan hamkorlikda Amerika texnologiya universitetini ochish rejalashtirilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 18-sentabr kuni Nyu-Yorkda Cintana ta’lim kompaniyasi asoschisi va raisi Duglas Bekker bilan uchrashuvida so‘z yuritildi.

Cintana Arizona davlat universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan bo‘lib, dunyoning 30 mamlakatida faoliyat yuritadi, universitetlarda ta’lim sifatini oshirish bilan shug‘ullanadi.

Yangi OTMda 2024-yildan boshlab sog‘liqni saqlash, injiniring, arxitektura va dizayn kabi yo‘nalishlarda kadrlar tayyorlashni boshlash ko‘zda tutilgan.

“Davlatimiz rahbari ushbu rejalarni ma’qullab, O‘zbekiston ta’lim sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun qulay sharoitlar yaratishga tayyorligini bildirdi”, — deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.