Shavkat Mirziyoyev 18-sentabr kuni Nyu-Yorkda Xalqaro valyuta fondi boshqaruvchi direktori Kristalina Georgiyevani qabul qildi.

O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, tomonlar global iqtisodiy vaziyat yuzasidan fikr almashgan va XVF bilan hamkorlikni kengaytirish masalalari, shu jumladan, iyun oyida Samarqandda o‘tgan ikki tomonlama uchrashuvda erishilgan kelishuvlardan kelib chiqqan holda yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan.

“Fond rahbari O‘zbekistonda ortga qaytmas tus olgan islohotlar dasturi natijalariga yuqori baho berdi hamda mamlakatimizdagi samarali yangilanishlarni ilgari surishda yaqindan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi”, — deyiladi xabarda.

Uchrashuvda XVFning O‘zbekiston moliya sohasi barqarorligini kompleks tahlil qilish, iqtisodiy siyosatni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishda konsalting ko‘magini ko‘rsatish hamda mamlakat idoralari mutaxassislarining salohiyatini oshirish dasturini amalga oshirishdagi ishtirokiga doir masalalar muhokama qilindi.