Farg‘ona viloyati Yozyovon tumanida bir guruh yigitlar to‘y korteji uyushtirib, yo‘l harakati qoidalarini buzishdi, deya xabar bermoqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati.

Tumanning “Mustaqillik” ko‘chasida 10 dan ortiq avtomashinalarda yo‘l harakati qoidalariga amal qilmay harakatlangan yigitlar boshqa transport vositalarining erkin harakatlanishiga halal bergan va jamoat joyida yurish-turish qoidalarini buzgan.

“Qonunga bo‘ysinmasdan, guruh bo‘lib harakatlanib, qoidalarni buzdik. Qilgan ishimizdan pushaymonmiz. Boshqa qaytarilmaydi”, — dedi fuqarolardan biri.

Sud jami 16 nafar yigitning har biriga 15 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinladi. Mashinalar jarima maydoniga qo‘yildi.