18-sentabr kuni Osiyo Chempionlar ligasida O‘zbekistondan qatnashayotgan to‘rtta jamoaning uchtasi — “OKMK”, “Nasaf” va “Navbahor” ishtirokini boshladi. Ilk turda jamoalar turli natijalarni ko‘rsatdi.

“Al-Ittihod” — “OKMK”

Foto: “OKMK” FK

Guruh bosqichining ilk turida Olmaliqning “OKMK” jamoasi Jiddadagi “Abdulla Faysal” stadionida “Al-Ittihod”ga qarshi maydonga tushdi. O‘yinning 11-daqiqasida Haroun Kamara mezbonlarning birinchi golini urdi. 15-daqiqaga borib Romarinyo hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirdi. Birinchi taymning 42-daqiqasida Romarinyo penaltini aniq amalga oshirib, dubl qayd etdi.

Mirjalol Qosimov shogirdlari ikkinchi taymni nisbatan yaxshiroq o‘tkazgan bo‘lsada, hisobni o‘zgartira olishmadi. O‘yin 3:0 hisobda yakunlandi.

“Nasaf” — “Al-Faysaliy”

Foto: “Nasaf” FK

Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlari Iordaniyaning Amman shahridagi “Amman xalqaro stadioni”da “Al-Faysaliy” jamoasi mehmoni bo‘ldi. Qarshiliklar o‘yinda ustunlik qildi va ko‘plab yaxshi vaziyatlar yaratdi. Xususan, Doniyor 87-daqiqadaraqib darvozasini ishg‘ol etdi. Biroq gol ofsayd sabab hisobga olinmadi.

Hakam ikkinchi taymga qo‘shib bergan 7 daqiqaning oxirgi soniyalarida Zafarmurod Abdurahmatov gol urdi va “Nasaf”ning birinchi turdagi g‘alabasini ta’minladi.

“Al-Hilol” — “Navbahor”

Namanganning “Navbahor” jamoasi esa Ar-Riyoddagi “King Fahd” stadionida “Al-Hilol”ga qarshi bahs olib bordi. O‘yinda kutilganidek yozgi transferlarda Neymar, Mitrovich, Ruben Navesh va Malkom kabi yulduzlarni jalb qilgan mezbonlar ustunlik qildi. Samvel Babayan shogirdlari esa qarshi hujumda o‘ynashga harakat qildi.

Shunday qarshi hujumlarning biri ish berdi. O‘yinning 52-daqiqasida Abrorbek Ismoilov oshirgan pasni qabul qilib olgan Toma Tabatadze hisobni ochdi. Shundan so‘ng “Navbahor” o‘yinchilari biroz “jonlandi” va 89-daqiqada yana bir qarshi hujumni golga aylantirish imkoniyati paydo bo‘ldi. Biroq Jasurbek Yaxshiboyev birga bir vaziyatdan foydalana olmadi.

Hakam ikkinchi taymga 14 daqiqa qo‘shib berdi. Mezbonlar himoyachisi Ali Al Bolehi ushbu qo‘shib berilgan vaqtning 10-daqiqasida hisobni tenglashtirdi. O‘yin 1:1 hisobida yakunlandi.

Eslatib o‘tamiz, 19-sentabr kuni OCHLda “Paxtakor” BAAning “Al-Ayn” jamoasiga qarshi maydonga tushadi.