O‘zbekistonda Qozog‘istondan import qilinadigan don narxi oshishi fonida un va non narxi keskin oshdi.

Vodiy1.uz xabariga ko‘ra, Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanida (qolipli bo‘lmagan) non narxi 2500 so‘mdan 3000 so‘mga, katta hajmdagi patir non narxi 10 ming so‘mdan 12 ming so‘mga ko‘tarilgan. Sotuvchilardan biri bu un narxining (bir qop — 50 kg) 185 mingdan 220 mingga ko‘tarilishi bilan bog‘liqligini aytdi.

Andijon viloyatida patir nonlar qariyb 500−1000 so‘mga qimmatlashgan, un jumladan, qozoq uni narxi esa “kuniga ba’zan 80−100 ming so‘mga ko‘tarilmoqda”. Xususan, Qozog‘istondan keladigan unning narxi bit haftada 270−280 ming so‘mdan 420−430 ming so‘mga, mahalliy un esa 180 ming so‘mdan 230−240 ming so‘mga ko‘tarildi.

Birjadagi narxlar

Oxirgi 10 kun ichida birinchi navli unning birja narxlari deyarli 14 foizga oshdi. Agar 5-sentabrda 1 kg mahsulot tannarxi 3712,8 so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 15-sentabrda 4230,5 so‘mni tashkil qildi. Savdo hajmi bir necha barobar oshdi: agar ilgari birjada o‘rtacha 1000 tonnadan 2300 tonnagacha xarid qilingan bo‘lsa, so‘nggi kunlarda talab deyarli 6300 tonnagacha oshdi.

Shu vaqt ichida uchinchi navli bug‘doy 16,5 foizga — 1 kilogrammi 2426 so‘mdan 2826,7 so‘mga qimmatlashdi.

Qozoq bug‘doyi atrofidagi ajiotaj

Eldala.kz xabariga ko‘ra, Qozog‘istonning shimoliy viloyatlarida hosilni yig‘ish uchun noqulay ob-havo sharoiti Oziq-ovqat korporatsiyasi kompaniyasi bug‘doy va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini forvard va to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotib olish shartnomalari bo‘yicha xarid narxlari e’lon qilinishini keyinga surganiga sabab bo‘lgan. Qaror 2023-yilgi hosilning hajmi va sifati nihoyat aniq bo‘lgunga qadar qoldirildi.

Markaziy Osiyo uchun uchinchi navli bug‘doyning eksport narxi o‘tgan haftada bir tonna uchun 285 dollardan 320 dollarga oshdi. Narxlar bo‘yicha yo‘riqnoma yo‘qligi sababli bozorda ajiotaj kuzatilmoqda, deb yozadi sayt.

Treyderlarning fikricha, don narxining ko‘tarilishi sun’iy ravishda xarid narxlarining oshishiga sabab bo‘lmoqda.

“Narxlar 20 kun ichida barqarorlashadi”

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Anvar Karimovning Kun.uzʼga aytishicha, mamlakatda bug‘doyga bo‘lgan ichki ehtiyojni qondirish uchun yetarli zaxira shakllangan.

“Bozorlarda 1 qop O‘zbekiston uni 210−220 mingdan, Qozog‘iston 1-nav uni 330−340 mingdan sotilmokda. Qozog‘iston uni 285 mingdan boshlanadi narxi, 350 minggacha. Asosiy bozorlarda narxlar shunday. O‘tgan yili ham sentabr oyida Qozog‘iston bug‘doyi narxi ko‘tarilib, oktabrga borib pasaygan. Bu yilda yetishtirilgan hosil va 8 oy davomida import qilingan bug‘doy un mahsulotlariga bo‘lgan talabni bemalol qondiradi. Qozoq bug‘doyi vaqtinchalik to‘xtab qolgani uchun ajiotaj bo‘lishi mumkin, narxlar 20 kunlarda joyiga keladi”, — dedi Anvar Karimov.

Qishloq xo‘jaligi vazirligining munosabati

Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, davlat tomonidan aholini oziq-ovqat xavfsizligi bilan ta’minlash, bozorlarda narx barqarorligini saqlash bo‘yicha bir qator ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, aholini un mahsuloti bilan ta’minlash maqsadida har yili mamlakatimizda 8 mln tonna atrofida bug‘doy yetishtirilmoqda. Talab esa, 104,4 foizni tashkil etadi. Shu sabab mahsulotning bir qismi import qilinadi.

sentabr oyida Qishloq xo‘jaligi vazirligi mamlakat bo‘ylab dehqon bozorlaridagi narxlarni o‘rgandi. Chakana savdo bozorlarida Rossiya va Qozog‘istonda ishlab chiqarilgan yuqori sifatli va birinchi navli un (“365 kun”, “Turon”, “Mo‘’tabar”, “Oltin don”, “Makfa” va boshqalar) 5000 so‘mdan 7500 so‘mgacha, ulgurji narxi esa 5000 so‘mdan 7000 so‘mgacha sotilmoqda. Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, narxlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 200−300 so‘mga oshgan, biroq ba’zi do‘konlarda narxlar erkin belgilab qo‘yilgani sababli qimmatroq bo‘lishi mumkin.

“Buning sabablaridan biri, Rossiya va Qozog‘istondan kirib kelayotgan mahsulot aylanmasi xorijiy valyutada amalga oshirilishi natijasi hisoblanadi. Bundan tashqari Qozog‘iston tomoni un tegirmonlarida mavsumiy texnik ko‘rik va sanitar tozalash ishlariga korxonalarini 15 kunga profilaktikaga yopishi haqidagi e’lon ham mazkur segmentda narx beqarorligini keltirib chiqaruvchi omillardan biri bo‘ldi”, — deyiladi Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabarida.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi bu yillik mavsumiy tebranish ekanligini va o‘tgan yilning shu davrida ham xuddi shunday holat kuzatilganini ta’kidladi. 20 kunlik hisobotda narxlar nafaqat o‘z joyiga qaytgan, balki, tushish tendensiyasini ham ko‘rsatgan. Buni bozorimizdagi vaziyat tahlili ham tasdiqlaydi, deyiladi sharhda.

“Haqiqatan, Qozog‘iston ichki bozorida narx oshgan va bu g‘alla o‘rimi boshlanayotgani bilan izohlanadi. Ya’ni o‘rimga qadar omborlarda qolgan bug‘doy sotuvda kamaygan. Bundan rossiyalik treyderlar ham foydalanib, vaqtinchalik imkoniyatlar darchasida narxlarni oshirdi”, — deyiladi vazirlik xabarida.

Shu bilan birga, Chikago fond birjasida kelgusi yil uchun don shartnomasining narxi sezilarli darajada pasaydi. Biroq Qozog‘istonda o‘rimdan keyin narxlar barqarorlashishi taxmin qilinmoqda. Noqulay ob-havo sharoiti tufayli shu kunlarda o‘rim kechiktirilmoqda.

O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan unning ulgurji narxi 4000−4500 so‘m, chakana narxi esa 5000−6000 so‘m.

“Bu narxlar avgust oyiga nisbatan narx o‘sishi hamda aholi tomonidan ajiotaj mavjud emasligini ko‘rsatmoqda. Bugungi kunda, asosiy turdagi oziq-ovqat narxlarini monitoringi bo‘yicha hududiy shtablar tashkil etilib, bozorlardagi va savdo rastalaridagi oziq-ovqat mahsulotlarini narxlarini monitoring qilish hamda narxlarning keskin oshib ketishini oldini olish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda”, — deyiladi xabarda.

O‘zbekiston Qozog‘iston g‘allasining asosiy xaridori hisoblanadi. 2022-yilda qo‘shni davlatdan bug‘doy va meslin importi deyarli 3 million tonnani tashkil etdi, bu uning umumiy eksportining yarmidan bir oz kamni tashkil qiladi.

Shu yilning may oyida Qozog‘iston O‘zbekistonga bug‘doy va bug‘doy unini eksport qilishni keskin oshirgani haqida xabar berilgan edi. Umuman olganda, 2022−2023-yillarda yetkazib berish mavsumi boshlanganidan buyon O‘zbekiston Qozog‘istonda ishlab chiqarilgan 406,6 ming tonna unni import qildi va bu ko‘rsatkich bo‘yicha Afg‘onistondan keyin ikkinchi o‘rinni egalladi. O‘tgan mavsumga nisbatan xaridlar 27,4 foizga oshgan.

Qozog‘iston g‘allasini yetkazib berishda ham o‘sish kuzatilmoqda. To‘qqiz oy davomida O‘zbekistonga o‘tgan yildagi 2,21 million tonna emas, 3,09 million tonna bug‘doy yetkazib berildi, bu roppa-rosa 40 foizga o‘sdi.