Musulmonlar idorasi Fatvo markazi oltinning o‘zini yeyish yoki uni biror taomga qo‘shib tanovul qilish Islom dinida durust va halol emasligi bildirdi.

Bir necha kun oldin Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahridagi restoranda tilla solingan osh tayyorlanayotgani, uning narxi 40 million so‘m ekani haqida xabarlar tarqalgandi. Shundan so‘ng Afisha.uz bunga oydinlik kiritish uchun restoran ma’muriyati bilan bog‘langan.

Taqdim etilgan ma’lumotlarda tilla (zarvaraq) solingan taomlar rostan ham tayyorlanayotgani, bunday taomlar orasida osh, kabob, steyk, shuningdek, tilla qo‘shilgan kofe va muzqaymoqlar ham borligi ma’lum bo‘lgan.

Fatvo

Fatvo markazining ta’kidlashicha, oltin va kumush naqd pul ayollarga ziynat qilib yaratilgan. Uni yeydigan narsaga aylantirish joiz emas.

“Bunday qilish shar’iy va insoniy urfga ziddir. Chunki biror-bir millat, din yoki jamiyat oltin va kumushni taom sifatida qabul qilmagan”, — deyiladi unda.

Markaz oyatlarda yemaslik kerak bo‘lgan narsani yeyish zulm ekani, tilla yoki kumushni yeyish ham zulm hisoblanishini bildirdi.

“Ikkinchidan, oltin va kumushdan yasalgan idishlarda taomlanish va ichish ham joiz emas. Uchinchidan, bu molni isrof va zoye qilish va ne’matlarning qadrini yerga urish hisoblanadi”, — deyiladi unda.

“To‘g‘ri, ayrim tabiblar shifo maqsadida kam miqdorda oltin iste’mol qilishni tavsiya qilgan bo‘lishi mumkin. Bu zaruratda boshqa dori qolmagani uchun „harom bilan davolanish“ bobidan bo‘lib, alohida mavzu hisoblanadi. Lekin odatdagi holatda tilla va kumushni taomga qo‘shib yeyish halol emas. Vallohu a’lam”, — deya qayd etdi markaz.

Bundan avvalroq O‘zbekistonda 24 karatli oltin zarralari bilan to‘yintirilgan Ocard nomli “yuqori sifatli suv” ishlab chiqarila boshlagandi. 2022-yilda tadbirkor Murod Nazarov Jeyms Bond rolida reklama qilgan Ocard suvi biznesi Toshkent shahrining o‘sha vaqtdagi hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning qiziga tegishli ekanini ma’lum qilgan.

tilla, фатво markazi

Orginfo.uz ma’lumotlariga ko‘ra, Ocard savdo belgisi patenti 2021-yilning 23-mart kuni J-United Group MCHJ tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

KTYADRga muvofiq, J-United Group ta’sischisi esa Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev hisoblanadi, kompaniya 2002-yilning 27-avgustida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Bu kompaniyaning faoliyat turi sifatida istirohat va tematik bog‘lar ko‘rsatilgan.