Rossiya O‘zbekistonda Rossiya dasturlari asosida ta’lim rus tilida olib boriladigan bir nechta maktab qurishga tayyor. Bu haqda 18-sentabr kuni Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin O‘zbekiston va Rossiya hukumat rahbarlari darajasidagi qo‘shma komissiya yig‘ilishida ma’lum qildi.

“O‘quvchilar shu tarzda rus madaniyati va an’analari bilan yaqindan tanishishlari mumkin bo‘ladi”, — dedi Mixail Mixail Mishustin va agar O‘zbekiston tomoni manfaatdor bo‘lsa, Rossiya bunday taklifni ko‘rib chiqishini qo‘shimcha qildi.

O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov o‘z nutqida mamlakatlar o‘rtasida maktabgacha va maktab ta’limi sohasida hamkorlik rivojlanib borayotganini ta’kidladi.

“Rus tilidagi maktablar qurish bo‘yicha takliflarni katta minnatdorchilik bilan qabul qilamiz, — dedi Abdulla Aripov. — O‘zbekistonda jami 10 mingdan ortiq umumta’lim maktablari mavjudligini va ularning 10 foizi rus tilida ta’lim berishini alohida ta’kidlamoqchiman”.

Hukumat rahbari, shuningdek, RF ishtirokidagi o‘qituvchilar malakasini oshirish hamda rus tilini o‘qitish uslublarini takomillashtirishga ko‘maklashishga qaratilgan “Klass” va “Malыsh” loyihalari O‘zbekistonda “yaxshi rezonans” berganini qo‘shimcha qildi. Abdulla Aripov “Klass” loyihasi doirasida rus tilidagi maktablar uchun matematika, fizika va kimyo fanlari o‘qituvchilari sonini ko‘paytirish taklifini ilgari surdi.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya Qirg‘izistonda to‘qqizta maktab qurilishini moliyalashtirmoqda. Loyiha qiymati 500 mln dollarga baholanmoqda. Mamlakatlar prezidentlari Vladimir Putin va Sadir Japarov 1-sentabr kuni maktablar qurilishiga start berdi.