O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi shu kunlarda dunyoning qator davlatlarida koronavirusning pirola nomli yangi shtami keng tarqalayotgani, uning omikrondan ham yuqumliroq bo‘lishi mumkinligi haqida xabar berdi.

Qayd etilishicha, hozirgacha mazkur mutatsiya Isroil, Kanada, Daniya, Buyuk Britaniya, Janubiy Afrika, Shvetsiya, Norvegiya, Shveysariya, Tailand va AQShda ro‘yxatga olingan.

Pirola ilk bor 2023-yilning yoz faslida aniqlangan. Shundan so‘ng ba’zi mintaqalarda infeksiyani yuqtirish va o‘lim ko‘rsatkichlari birmuncha ko‘payishi qayd etilgan, deyiladi xabarda.

O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasining ma’lum qilishicha, hozirgacha mamlakatda va qo‘shni davlatlarda koronavirusning ushbu shtami bilan kasallanganlar qayd etilmagan.

Sanepidqo‘mitaning Virusologiya ilmiy-tadqiqot institutida virus genomini o‘rganish (sekvenlash) bo‘yicha o‘tkazilgan so‘nggi tahlillar natijasiga ko‘ra, mamlakatda kasallanganlarning 100 foizida omikron shtamining turli variantlari ekani aniqlangan, xulosa qiladigan bo‘lsak, hech qanday xavotirga o‘rin yo‘q, deyiladi qo‘mita xabarida.

Mamlakatda epidemik vaziyat barqaror deya baholangan.