Qozog‘iston hukumati 1929-yildan 1956-yilgacha bo‘lgan davrdagi siyosiy qatag‘on qurbonlarining 2,4 milliondan ortiq arxiv kartochkalarini maxfiylikdan chiqardi. Bu haqda mamlakat Bosh prokuraturasi matbuot xizmati xabar berdi.

Maxsus ko‘chirilganlar (SSSR paytida 1930−1940-yillarda mamlakatning chekka hududiga majburan ko‘chirilganlar) 251 ming kishining hujjatlari prezident arxiviga topshirildi va ular keyinchalik jamoatchilikka taqdim etiladi. Yil oxirigacha yana 265 ming kishining fayllari davlat rahbari arxiviga yuboriladi.

Shuningdek, surgun qilinganlar, maxsus ko‘chirilganlar va jinoiy javobgarlikka tortilgan 311 ming nafar shaxs reabilitatsiya qilindi.

2020-yilning noyabr oyidan boshlab Qozog‘istonda siyosiy qatag‘on qurbonlarini to‘liq reabilitatsiya qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi faoliyat yuritmoqda. U prezident Qosim-Jomart Toqayev topshirig‘iga binoan “tarixiy adolatni tiklash borasidagi ishlarni yakunlash uchun” tuzilgan. 2023-yil boshida davlat komissiyasi tomonidan qatag‘on qurbonlarining turli toifalari tarixiga oid 31 jildlik hujjat va materiallar taqdim etilgan.

Har yili 31-may kuni Qozog‘istonda siyosiy qatag‘on va ocharchilik qurbonlarini xotirlash kuni nishonlanadi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, qatag‘on yillarida SSSRning turli mintaqalaridan 5 milliondan ortiq odam Qozog‘istonga surgun qilingan. 100 mingga yaqin qozog‘istonlik qatag‘on qilingan, ulardan 20 mingdan ortig‘i otib tashlangan. O‘tgan asrning 30-yillarida qozoq cho‘lidagi ommaviy ocharchilik davrida majburiy kollektivlashtirish siyosati tufayli turli hisob-kitoblarga ko‘ra 1 milliondan 3 milliongacha odam halok bo‘lgan.