Shavkat Mirziyoyevning AQShga tashrifi arafasida — 15-sentabr kuni Vashingtonda O‘zbekiston-Amerika biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Forumning ochilish marosimida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xodjayev, investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov, Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi boshqaruvi raisi Kerolin Lemm, AQSh Eksimbanki prezidenti Reta Jo Lyuis va davlat kotibi yordamchisi o‘rinbosari Das Mark Pommershaym so‘zga chiqdi.

ақш

Unda raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari, sanoat birlashmalari, tijorat banklari va investitsiya tuzilmalari rahbarlari, shuningdek, AQShning AKT, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, yengil sanoat, transport, bank ishi va boshqa sohalarda faoliyat yuritayotgan yirik korporatsiyalari rahbarlari ishtirok etdi.

ақш

Forumda tog‘-kon sanoati, kimyo va energetika sanoati, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, elektronika, axborot texnologiyalari kabi iqtisodiyot tarmoqlaridagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Bundan tashqari, global raqobat, ta’minot zanjiri barqarorligini ta’minlash, ishbilarmonlik muhitini rivojlantirish, innovatsiyalarni rag‘batlantirish, strategik prognozlash, xususiylashtirish va moliyaviy-texnik hamkorlik masalalari bo‘yicha ko‘rib chiqildi.

Tadbir yakunida energetika, mashinasozlik, AKT, qishloq xo‘jaligi, moliyaviy-texnik va ilmiy-texnik hamkorlik, tibbiyot va farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish kabi sohalarda 12 ta hujjat imzolandi, deyiladi xabarda.

AQSh O‘zbekistonning tashqi savdo hamkorlari ro‘yxatida 16-o‘rinni egallaydi. O‘zbekiston Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 436,8 million dollarni, jumladan, O‘zbekistondan eksport — 68,5 million, import — 368,3 million dollarni tashkil qilgan. 2023-yilning birinchi yarimyilligida tovar ayirboshlash 282 million dollarni, eksport 78,1 million dollarni, import 203,9 million dollarni tashkil etdi. O‘zbekistonda AQShning 300 ta kompaniyasi faoliyat yuritadi, bu 2017-yildagi ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘p.