O‘zbekiston va Rossiya hukumat rahbarlari darajasidagi qo‘shma komissiya yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha qator hujjatlar imzolandi, deya xabar qildi Rossiya hukumati matbuot xizmati.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va “Rosatom” atom energiyasi davlat korporatsiyasi o‘rtasida yadro tibbiyoti sohasida strategik sheriklik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumi, shuningdek, Pirogov nomidagi Rossiya milliy tadqiqot tibbiyot universitetining Toshkent filiali faoliyatini to‘laqonli yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hamkorlikdagi ishlarni tezlashtirish yuzasidan chora-tadbirlar rejasi imzolandi.

Shuningdek, O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda RF Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, kadastr va kartografiya federal xizmati o‘rtasida 2023−2024-yillarda davlat kadastr baholash tizimini yaratishda Rossiya tomonidan O‘zbekistonga bepul texnik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida kelishuv imzolandi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda RF Sanoat va savdo vazirligi o‘rtasida Rossiyaga ip-kalava yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzildi.

O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov komissiya yig‘ilishida so‘zlagan nutqida: “RF O‘zbekistonning asosiy tashqi iqtisodiy hamkori bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi”, — deya alohida ta’kidladi. So‘nggi besh yil ichida har ikki davlat o‘zaro savdo aylanmasini yiliga o‘rtacha 20 foizga oshirdi.

“Ishonchimiz komilki, bu yil biz davlat rahbarlari tomonidan qo‘yilgan tovar ayirboshlash hajmini 10 mlrd dollar ekvivalentiga yetkazish bo‘yicha vazifani bajara olamiz”, — dedi u. Uning fikricha, buning uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va savdo to‘siqlarini bartaraf etish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish muhim.

O‘zbekiston bosh vazirining so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning respublika iqtisodiyotiga kiritayotgan sarmoyasi hajmi ham oshib bormoqda. Xususan, so‘nggi uch yilda O‘zbekistonda Rossiya kapitali ishtirokidagi korxonalar soni ikki baravar ko‘payib, ularning soni 3 mingtaga yetdi.

Abdulla Aripovning qo‘shimcha qilishicha, ayni paytda O‘zbekistonning manfaatdor idoralari va tadbirkorlari Rossiya kompaniyalari bilan yangi sarmoya paketini shakllantirish ustida ishlamoqda.