16-sentabr kuni Oqoltin tumanidan o‘tuvchi Toshkent-Termiz yo‘nalishi vaqtincha yopilib, haydovchilar uchun aylanma yo‘l tashkil etildi, deya xabar bermoqda Sirdaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati.
Viloyatning Oqoltin tumani hududidan o‘tuvchi xalqaro ahamiyatdagi A-373 avtomobil yo‘lining 10 kilometrida joylashgan zovur ko‘prigining “Toshkent-Jizzax” yo‘nalishidagi qismida oraliq qurilma balkalarining 5 tasida yoriq vujudga kelib, cho‘kish hosil bo‘lgan.
Ta’kidlanishicha, ko‘prik balkalaridagi yoriqlar og‘ir yuk mashinalari harakatlanishi natijasida vujudga kelgan. Ular 1990-yilda qurilgan, 2020-yilda qisman rekonstruksiya qilingan.
Hozirda ko‘prikni tiklash bo‘yicha qurilish-montaj ishlari boshlab yuborilgan, deyiladi xabarda.
Shu sababli Toshkent-Termiz yo‘nalishidagi barcha avtotransport vositalari harakati vaqtincha cheklangan. Ushbu yo‘nalishdagi avtotransport vositalari harakati xalqaro ahamiyatdagi M-34 Toshkent — Dushanbe avtomobil yo‘lining 104−152 kilometrlari hamda A-376 Qo‘qon — Jizzax avtomobil yo‘lining 219−242 kilometrlari orqali tashkil qilingan.
Telegramdan foydalanasizmi? Muhim yangiliklarni o‘tkazib yubormaslik uchun kanalimizga a’zo bo‘ling.
Avtotransport vositalarining mazkur yo‘nalishda harakatini qayta yo‘lga qo‘yish uchun qo‘shimcha ravishda zovur ustidan vaqtinchalik o‘tish yo‘li qurishga qaror qilingan. Buning uchun 50 ga yaqin kuch va vositalar jalb qilinib, 3 smenada ish tashkil etilgan.