Prezident Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasi tadbirlarida ishtirok etish uchun 17-sentabrga o‘tar kechasi Nyu-York shahriga bordi.
Davlat rahbari matbuot xizmatining xabar qilishicha, aeroportda uni Nyu-York shahri meri Erik Adams, AQSh-O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.
Shavkat Mirziyoyev 19-sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasi yalpi sessiyasining umumiy munozaralarida nutq so‘zlaydi hamda “mintaqaviy va global kun tartibidagi dolzarb masalalar” yuzasidan o‘z nuqtai-nazarini bayon qiladi.
Yilning bosh xalqaro siyosiy tadbiri doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Amerika Qo‘shma Shtatlari yetakchilari sammiti (“S5+1” formati), xorijiy davlatlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar va AQShning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan qator ikki tomonlama uchrashuvlar ham bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka saylanganidan keyingi yil — 2017-yil sentabr oyida BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida nutq so‘zlagandi. U o‘z ma’ruzasida O‘zbekistonning yangi qiyofasini shakllantirish, tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishlari va terrorizmga qarshi kurash usullarini qayta ko‘rib chiqish zarurligi haqida gapirgan.
Telegramdan foydalanasizmi? Muhim yangiliklarni o‘tkazib yubormaslik uchun kanalimizga a’zo bo‘ling.
Prezident BMT Bosh Assambleyasining 2020-yilda koronavirus pandemiyasi tufayli ilk bor onlayn tarzda o‘tkazilgan 75-sessiyasida ham ishtirok etgan.