Davlat maktablaridagi “tijoriy” sinflar — o‘quv yili boshida maktab o‘quvchilarining ota-onalari orasida eng ko‘p muhokamalarga sabab bo‘ladigan mavzulardan biri. 2-sentabr kuni Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi “Potrebitel.uz” guruhida Yashnobod tumanidagi 30-maktabning 7-sinfida tahsil oluvchi bir o‘quvchining onasi joriy yildan boshlab ushbu maktabdagi barcha 7-sinflar “tijoriy” sinfga aylantirilgani haqida xabar qoldirdi. Onaning so‘zlariga ko‘ra, oyiga 100 ming so‘m evaziga bolalarga qo‘shimcha ravishda bir soatdan ingliz va rus tili mashg‘ulotlari o‘tkaziladi.

“Shu bilan birga, [oldimizga] tanlov [imkoniyati] qo‘yildimi yoki fakt — aytish qiyin. Yo „tijoriy“ sinf, yoki „to‘g‘ri tushuning, sizda tanlov [imkoniyati] kam“, — deb yozadi ayol. — Maktabimizda kam ta’minlangan oilalar ko‘p, boshqa maktabga o‘tish imkoniyati yo‘q, chunki bizning hududda [boshqa maktab] ham yo‘q. Mahalladan ma’lumotnoma mavjud bo‘lgan taqdirda kam ta’minlanganlarga 50 foiz chegirma qilish[ga kelishildi]”.

Keyinroq post va foydalanuvchi profili, katta ehtimol bilan, o‘chirib tashlandi, chunki ularni topib bo‘lmadi. 3-sentabr kuni Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi bosh boshqarmasi matbuot xizmati ushbu maktabda 7-sinflar uchun oddiy, notijoriy sinflar mavjud emasligi haqidagi ma’lumotni inkor qildi.

“30-maktabda to‘rtta 7-sinf mavjud: ularning ikkitasida ta’lim o‘zbek tilida, ikkitasida rus tilida olib boriladi. Bitta rus va bitta o‘zbek sinfida 2021-yildan boshlab Vazirlar Mahkamasining [Xalq ta’limi muassasalari tizimidagi umumta’lim muassasalarida pullik ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish to‘g‘risidagi] qarori asosida qo‘shimcha pullik to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Bu sinflarda mashg‘ulotlar birinchi smenada o‘tkazilmoqda”, — deyiladi xabarda.

Boshqarmaning qo‘shimcha qilishicha, rus tilida o‘qitiladigan boshqa sinfning ota-onalari pullik asosdagi xuddi shunday ingliz va rus tili to‘garaklari joriy etishni so‘ragan. Maktab ma’muriyati bu masalada ota-onalar bilan kelishib olish, ular bilan alohida shartnoma tuzilishi kerakligini tushuntirgan.

30-maktab direktori Qirmizoy Hotamovaning “Gazeta.uz"ga ma’lum qilishicha, “barcha qo‘shimcha to‘garak mashg‘ulotlari asosiy dars mashg‘ulotlaridan so‘ng va faqat ota-onalarning xohish-istaklariga binoan o‘tkaziladi”. “Bu “tijoriy” sinflar emas, balki ota-onalarning tanloviga muvofiq qo‘shimcha mashg‘ulotlar”, — deya qayd etdi direktor.

“Gazeta.uz” muxbiri Anna Sadriyeva “tijoriy” sinflar nima ekani, ota-onalar, ekspertlar hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi vakillarining bunday sinflar haqida qanday fikrda ekaniga aniqlik kiritdi.

“Tijoriy” sinflar qanday sinf?

maktablar, tijoriy sinflar, xalq ta’limi

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining “Gazeta.uz"ga ma’lum qilishicha, “tijoriy” sinflar — bolalar “asosiy dars mashg‘ulotlariga qo‘shimcha ravishda chuqurlashtirilgan yoki sinfdan tashqari bilim (masalan, chet tillarini chuqurlashtirilgan holda o‘rganish, san’at va musiqa to‘garaklari) oladigan” sinflarning xalq orasidagi nomi.

Bular o‘quv rejasida ko‘zda tutilmagan va odatiy sinflarda o‘tilmaydigan fanlar (aktyorlik mahorati, dizayn, shaxmat, gulchilik) yoki asosiy fanlardan qo‘shimcha dars soatlari bo‘lishi mumkin. Misol uchun, davlat standartlarida 2-sinf o‘quvchilari ona tili fanini haftasiga to‘rt soat o‘qishlari nazarda tutilgan — odatiy sinflar o‘quvchilari ona tili fanini xuddi shuncha soat o‘rganadi. “Tijoriy” sinfda esa o‘quvchilarga qo‘shimcha haq evaziga ona tilidan qo‘shimcha dars mashg‘ulotlari o‘tib beriladi.

“[Bunday sinflar] qancha vaqt ilgari paydo bo‘lganini aytish qiyin, — deydi MMTV matbuot kotibi Laylo Rustamova “Gazeta.uz"ga. — Ehtimol, ular har doim mavjud bo‘lgan, biroq turli shakllarda. Masalan, repetitorlik, turli qo‘shimcha to‘garaklar va hokazo. Biroq bu turdagi xizmat shaffof bo‘lmagan tarzda, norasmiy ko‘rsatilgani aniq. 2019-yildan buyon bunday xizmatlarni ko‘rsatish tartibga solindi”.

“Tijoriy” sinflarda xizmatlar maktab direktori va har bir o‘quvchining ota-onasi yoki uning qonuniy vakillari o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida taqdim etiladi.

Mablag‘lar banklar orqali naqd pul shaklida yoki pul o‘tkazish yo‘li bilan maktabning budjetdan tashqari hisob raqamiga o‘tkaziladi. Kelgusida ular maktab ehtiyojlari uchun yo‘naltiriladi, deya ma’lum qildi poytaxt ta’lim boshqarmasi matbuot kotibi Erkin Xolboboyev “Gazeta.uz"ga.

“Tijoriy” sinflarni ochish tashabbusi maktabning kuzatuv kengashi tomonidan ilgari suriladi. Uning a’zolari umumiy ota-onalar yig‘ilishi tomonidan uch yil muddatga kamida yetti kishidan iborat tarkibda saylanadi. Kengash tarkibida kamida ikki ota-ona, maktabning ikki bitiruvchisi, ilgari maktabda ishlagan va hozir nafaqada bo‘lgan bir pedagog, shuningdek, kamida ikki homiy bo‘lishi lozim.

“Gazeta.uz” suhbatlashgan ota-onalarning so‘zlariga ko‘ra, ta’lim muassasasiga moliyaviy ko‘mak berish istagida bo‘lgan istalgan shaxs homiy bo‘lishi mumkin. Aksariyat hollarda bu o‘z xayriya tadbirlari uchun soliq imtiyozlari olish istagidagi tadbirkorlar bo‘ladi. Kengash a’zolari teng huquqli, bir ovozga ega va ochiq ovoz beradi.

maktablar, tijoriy sinflar, xalq ta’limi

Maktab direktori, ularning o‘rinbosarlari, shuningdek, ularning yaqin qarindoshlari kuzatuv kengashi a’zosi bo‘la olmaydi. Xalq ta’limi boshqaruvi organlari, hokimliklar va maktab rahbariyati kengashlar faoliyatiga aralashish huquqiga ega emas.

“Tijoriy” sinflar ota-onalarning xohish-istagiga binoan istalgan maktabda ochilishi mumkin, deydi Laylo Rustamova. Buning uchun faqatgina mos sinf xonasi va tegishli o‘qituvchi bo‘lsa kifoya.

Farzandlari shunday sinflarda tahsil olayotgan ota-onalarning “Gazeta.uz"ga ma’lum qilishicha, mashg‘ulotlar odatiy sinflarda mazkur maktablarda faoliyat yurituvchi o‘qituvchilar tomonidan olib boriladi. Ba’zi maktablarda bunday sinflarda proyektor, interaktiv doska va kulerlar mavjud bo‘lib, qo‘shimcha “tijoriy” mashg‘ulotlar xususiy o‘quv markazlari xodimlari tomonidan o‘tkaziladi.

Maktabdagi “tijoriy” sinflar soni cheklanmagan hamda ota-onalarning xohish-istagi va imkoniyatlariga bog‘liq, deya ta’kidlaydi Laylo Rustamova. Ota-onalarni farzandlarini bunday sinflarda o‘qitishga majburlash taqiqlangan.

Ota-ona farzandi o‘qiyotgan sinf “tijoriy” sinfga aylantirilayotgani sababidan uni boshqa sinfga o‘tkazishni istamagan, biroq bu xizmatlar uchun haq to‘lash imkoniyatiga ega bo‘lmagan taqdirda, nima qilish kerak? MMTV mazkur savolga “barcha maktablarda bolalar uchun bepul ta’lim kafolatlangan odatiy sinflar mavjud”, deb javob berdi. Bu ota-onalar va bolalar uchun tanlov huquqini qoldiradi, shuning uchun bolalarning bepul o‘rta ta’lim olish bo‘yicha konstitutsiyaviy huquqlari hech qanday tarzda poymol qilinmaydi, deya qayd etdi Laylo Rustamova.

“Tijoriy” sinflarda o‘qitish narxi maktab direktori tomonidan kuzatuv kengashi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi. Narxlar hatto bitta maktab doirasida ham farq qilishi mumkin — bu ko‘rsatilayotgan xizmatlar miqdori, turi va murakkabligiga bog‘liq, deya tushuntirdi u.

“Tijoriy” sinflar haqida ota-onalarning fikri qanday

Olmazor tumanidagi 159-sonli maktab

Ushbu maktabda tahsil oluvchi o‘quvchilardan birining ismi sir tutilishini istagan otasi “Gazeta.uz"ga yangi o‘quv yilidan boshlab farzandining sinfi “tijoriy"ga aylantirilgani, bu avgust oyiga kelibgina ma’lum bo‘lganini aytadi.

“Avgust oyidan beri shundan xavotirdaman, chunki bitta bola uchun oyiga 820 ming to‘lashga qurbim yetmaydi. Ikkita katta farzandim til kurslariga qatnaydi, buning uchun 1,6 million so‘m to‘laymiz, bunga qo‘shimcha har ikkitasi uchun xarajatlar. Mening esa maktabga qatnaydigan to‘rt nafar farzandim bor”, — deydi ota.

“Bu mening va nafaqat mening konstitutsiyaviy huquqlarimni poymol qiladi… Barcha ota-onalar — ularning soni 40 nafarni tashkil etadi — bu qarordan juda norozi”, — deydi u.

Yunusobod tumanidagi 5-sonli maktab

8-sinf o‘quvchisining onasi oila farzandini “tijoriy” sinfda o‘qitishdan mamnun ekanligini ma’lum qildi, chunki qo‘shimcha mashg‘ulotlarda bolalar dars vaqtida to‘liq o‘tishga ulgurmagan mavzularni mustahkamlaydi.

O‘qitish narxi haftasiga oltita qo‘shimcha dars — matematika, rus va ingliz tili fanlari bo‘yicha ikkitadan mashg‘ulot uchun oyiga 400 ming so‘m.

“Bizda qo‘shimcha mashg‘ulotlar o‘tgan yilning uchinchi choragida boshlandi. Avvaliga juda jahlimiz chiqdi va nima uchun haq to‘lashimiz kerakligini tushunmadik. Biroq, keyinchalik bu mashg‘ulotlarni yuqori baholadik, chunki mavzular murakkab va ularni bir dars [mobaynida] o‘zlashtirish imkonsiz, qo‘shimcha mashg‘ulotlarda esa bolalar ularni mustahkamlaydi. Yagona salbiy tomoni — bolalar charchaydi, chunki ularda kuniga 7−8 tadan dars mashg‘uloti bo‘lishi mumkin”.

Mirobod tumanidagi 175-sonli maktab

“Tijoriy” sinfning yagona afzalligi shundaki, bola tushdan keyin soat 3 ga qadar maktabda bo‘ladi, deydi 4-sinf o‘quvchisining onasi. Uning so‘zlariga ko‘ra, birinchi sinfda maktab turli xil qo‘shimcha mashg‘ulotlarni va’da qilgan, biroq uch yildirki, ular hali ham to‘liq paydo bo‘lmagan.

“O‘qitish narxi 450 ming so‘mgacha ko‘tarildi (o‘tgan yili 400 ming edi). Bu pul evaziga biz shaxmat, ingliz tili, aktyorlik mahorati [bo‘yicha dars mashg‘ulotlari] olishimiz kerak, biroq har doim nimadir bekor qilinadi, nimadir sodir bo‘ladi, bizdan esa o‘quv jarayoniga aralashmaslikni so‘rashadi. „Biz o‘qituvchilarmiz, dasturimizga aralashmanglar“, deyishadi”.

maktablar, tijoriy sinflar, xalq ta’limi

Mirobod tumanidagi 83-sonli maktab

“O‘tgan yili maktabimizda beshta birinchi sinf ochildi, ulardan faqat bittasi notijoriy sinf edi. O‘tgan yili xizmatlar narxi 500 mingni tashkil etgan bo‘lsa, bu yil 20 foizga — 600 ming so‘mgacha oshdi”, — deydi bir o‘quvchining onasi.

Ayolning so‘zlariga ko‘ra, qo‘shimcha mashg‘ulotlar — raqs, mantiq, mental arifmetika, shaxmat va ingliz tili — o‘quv markazi o‘qituvchilari tomonidan olib boriladi, ular bilan ota-onalar shartnoma tuzadi.

“Birinchi sinfda bolalar uchun ertalab soat 8:00 dan 16:00 gacha maktabda dars mashg‘ulotlarida bo‘lish qiyin kechdi. Mashg‘ulotlar, tabiiyki, tanaffuslar bilan o‘tkaziladi va ba’zi mashg‘ulotlar — raqs, aktyorlik mahorati, shaxmat — bolalar uchun kamroq stressli ko‘rinadi. Biroq, ortiqcha yuklama bo‘lmasligi uchun farzandimni ikki-uch soat oldin olib ketishga harakat qildim. Yil oxiriga kelibgina ozmi-ko‘pmi moslashdik”.

Fikrlar

Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanidagi umumta’lim maktablaridan birining boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi “Gazeta.uz” bilan suhbatda “tijoriy” sinflarning o‘quv yuklamasi bolalar uchun og‘irlik qilishini ta’kidladi.

“Ular hali go‘dak, — deydi o‘qituvchi. — O‘tgan o‘quv yilida menga shunga o‘xshash sinf ochishni taklif qilishdi. Men rad etdim, chunki bunda nima uchun haq to‘lash kerakligini tushunmayman — ikkita qo‘shimcha dars uchunmi?”

O‘qituvchining ta’kidlashicha, o‘tgan yili “tijoriy” sinfda o‘qitish narxi har bir bola uchun 400 mingni tashkil etgan. Ushbu pulning bir qismi o‘qituvchining mehnatini qoplaydi va asosiy ish haqiga qo‘shimcha hisoblanadi.

Ayni paytda, xuddi shu hududdagi boshqa bir maktabning birinchi sinf o‘quvchilaridan birining onasi o‘z farzandini “tijoriy” sinfga o‘tkazganidan afsuslanmasligini va buni muhim fanlar bo‘yicha qo‘shimcha bilim olish imkoniyati deb hisoblashini bildirdi.

“Biz, xususiy maktablarga munosib muqobil deb hisoblab, „tijoriy“ sinfda o‘qitishni tanladik. O‘qitish narxi oyiga 400 ming so‘mni tashkil etadi, — deydi ayol. — Asosiy maktab o‘quv dasturidan tashqari, matematika va ona tilini chuqurlashtirib o‘rganishga mo‘ljallangan qo‘shimcha mashg‘ulotlar mavjud. Bu fakt insonning konstitutsiyaviy huquqlarini qandaydir tarzda poymol qiladi, deb o‘ylamayman, chunki maktabga qabul qilinayotgan barcha bolalar uchun bitta „tijoriy“ va uchta odatiy sinfdan birini tanlash imkoni taqdim etilgan”.

maktablar, tijoriy sinflar, xalq ta’limi

Ta’lim sohasi eksperti, “Gazeta.uz"da shu mavzuda e’lon qilingan ko‘plab maqolalar muallifi Komil Jalilovning fikricha, davlat maktablarida “tijoriy” sinflarning mavjudligi bolalarning ta’lim olishga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarini ochiqdan-ochiq poymol qiladi.

“Konstitutsiyaning 50-moddasiga muvofiq, „Davlat bepul umumiy o‘rta va boshlang‘ich kasb-hunar ta’limini kafolatlaydi“. Maktabda „tijoriy“ sinf mavjud bo‘lgan taqdirda, o‘qituvchi o‘quvchilarni shu sinfga jalb qiladi, chunki bunday holatda unda moddiy manfaatdorlik bor, — deydi Komil Jalilov. — Ota-onalari haq to‘lashga tayyor bo‘lgan bolalarga „bepul“ bolalarnikidan farq qiladigan shart-sharoit (masalan, kamroq yuklamaga ega bo‘lgan darslar, qo‘shimcha mashg‘ulotlar va h.k.) yaratilsa, bu holat bolaning ruhiyatiga va bolalar o‘rtasidagi munosabatlarga ta’sir qilmay qolmaydi. Davlat bepul ta’lim sifatiga taalluqli minimal standartlarni belgilashi va bir maktabdagi barcha bolalar bir xil xizmatlardan foydalanishi uchun ushbu standartlarga rioya qilishi lozim”.

Mutaxassisning fikricha, bir maktabda bolalar uch smenada o‘qib, boshqasida bir smenada o‘qiydigan vaziyat bo‘lmasligi kerak. Yoki ba’zi maktablarda sinfdagi o‘quvchilar soni 50 ga yaqin, boshqalarida esa bir sinfdagi o‘quvchilarning davlat standartlari bo‘yicha ruxsat etilgan maksimal soni — 35 taga ham yetmaydi.

Komil Jalilovning so‘zlariga ko‘ra, Buyuk Britaniyada bolalar milliy o‘quv dasturining bir qismi hisoblanuvchi fanlarni davlat standartlari asosida o‘rgangan taqdirda, maktablar dars va darsdan tashqari vaqtlarda o‘qitish uchun to‘lov olishga haqli emas. Ya’ni, bog‘dorchilik darslari uchun haq olinishi mumkin, biroq matematika fanidan qo‘shimcha soatlar uchun emas, chunki matematika — barcha bolalar uchun majburiy fan, bog‘dorchilik esa — yo‘q.

“Bu qo‘shimcha darslarda nima o‘rgatiladi? Misol uchun, qizimning maktabida xuddi shu [odatiy dars jarayonida foydalaniladigan] darsliklardan foydalangan holda uy vazifasini bajarishadi. Bu davlat standartining bir qismi emasmi?” — savol bilan yuzlanadi mutaxassis.

maktablar, tijoriy sinflar, xalq ta’limi

Illyustrativ surat.

Masalan, AQShning Massachusets shtati o‘qituvchilari o‘z hududidagi bolalarga pullik ta’lim xizmatlar taqdim etsa, bu manfaatlar to‘qnashuvi sifatida ko‘riladi. Shtat qonunlari bunday xizmatlarni ko‘rsatishni taqiqlaydi, deydi Komil Jalilov.

Viskonsin shtati Konstitutsiyasiga ko‘ra, 4 yoshdan 20 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ta’lim bepul. Shunga ko‘ra, maktab ta’lim xizmatlari, maktab binolarini ta’mirlash, jihozlar va ta’lim uchun zarur bo‘lgan boshqa ashyolar uchun to‘lov olishga haqli emas.