O‘zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasi Harbiy-ilmiy va amaliy rivojlantirish markazi katta ilmiy xodimi, iste’fodagi general-mayor, harbiy fanlar nomzodi, professor Aleksandr Vladimirovich Shishlyannikov og‘ir kasallikdan keyin 15-sentabr kuni 73 yoshida vafot etdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

U bilan vidolashuv 16-sentabr kuni soat 11:00 da Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida bo‘lib o‘tadi. Vidolashuv marosimiga Mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari, Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i, general-mayor Shuhrat Xalmuhamedov rahbarlik qildi.

Aleksandr Shishlyannikov 1950-yil 3-noyabrda Toshkentda tug‘ilgan. 1971-yilda Toshkent oliy tank qo‘mondonlik bilim yurtini tamomlab, Chexoslovakiyadagi Markaziy harbiy qo‘mondonlik va Germaniyadagi G‘arbiy harbiy qo‘mondonlik bo‘linmalarida xizmat qilgan. 1993−1995-yillarda Tojikiston mudofaa vaziri lavozimida ishlagan.

30 yildan ortiq haqiqiy harbiy xizmati davomida Aleksandr Vladimirovich uning barcha bosqichlarini bosib o‘tdi: tank bilim yurti kursantidan tortib, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasining tezkor san’at va umumiy taktika kafedrasi boshlig‘igacha, Tojikiston Respublikasining birinchi mudofaa vaziri, leytenantdan-generalgacha.

2012-yilda Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon shunday degan edi: “Men o‘zim poligonda, chodirlarda milliy armiya tuzganman. Bizda qurolli kuchlar ham, mudofaa vaziri ham, general va ofitserlarimiz ham yo‘q edi. Biz boshqa davlatdan 200 dan ortiq ofitser so‘radik. Va ular orasida men polkovnik Shishlyannikovni tanladim va uni mudofaa vaziri etib tayinladim. Bizda hech nima yo‘q edi, biz [barchasini] noldan boshladik”.

“Chuqur bilim, topshirilgan vazifa uchun chuqur mas’uliyat hissi, g‘oyat mashaqqatli xizmat va yuqori qo‘mondonlik mahorati A.V. Shishlyannikovning o‘ziga xos xususiyatlari edi. U o‘zini faol, tashabbuskor va shijoatli harbiy rahbar sifatida namoyon etdi, o‘ziga va qo‘l ostidagilarga nisbatan talabchan, odamlarga g‘amxo‘rlik qildi, bu bilan esa u umuminsoniy hurmatga sazovor bo‘ldi”, — deyiladi Mudofaa vazirligi xabarida.

General Shishlyannikov Qurolli Kuchlar akademiyasida harbiy ilmiy faoliyatning shakllanishi va rivojlanishiga, umuman, O‘zbekiston Qurolli Kuchlarida harbiy fanning rivojlanishiga katta hissa qo‘shdi. 70 dan ortiq ilmiy-uslubiy ishlar muallifi, Qurolli Kuchlarning 20 dan ortiq ofitserlariga ilmiy rahbarlik qilgan.

Aleksandr Shishlyannikov oliy davlat mukofotlari, jumladan, 3 ta orden va 50 dan ortiq medallar hamda esdalik nishonlari bilan taqdirlangan. 2019-yilda “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan.