Markaziy Osiyoda suv taqchilligi muammosi o‘tkir va muqarrar tus oldi hamda bundan buyon u tobora chuqurlashib boraveradi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Dushanbeda o‘tgan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashi majlisida aytdi.

“Ekspertlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, Markaziy Osiyoning ayrim mintaqalarida 2040-yilga borib suv resurslariga bo‘lgan ehtiyoj uch barobar oshadi. Vaqt o‘tishi bilan iqtisodiy zarar yalpi mintaqaviy mahsulotning 11 foiziga yetishi mumkin. Birlashgan Millatlar Tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, hozirning o‘zidayoq mintaqa davlatlari suv resurslari taqchilligi va undan samarasiz foydalanish oqibatida yiliga 2 milliard dollargacha mablag‘ yo‘qotmoqda”, — dedi davlat rahbari.

Uning fikricha, “bularning barchasi jamg‘arma doirasida uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan kelishilgan yangi qarorlarni ishlab chiqish va amalga oshirishni talab etmoqda”.

Prezident 30 yil avval tashkil etilgan jamg‘armani “ekologik tahdidlarga qarshi kurash masalalarida umumiy manfaatlarni ilgari surish uchun muhim maydon” deb atadi.

“Tuzilmamizning o‘rni va ahamiyati global iqlim o‘zgarishlari oqibatida vujudga kelayotgan yangi xavf va tahdidlar sharoitida yanada ortib bormoqda. Muzliklarning erishi, tabiiy ofatlar, shuningdek, shiddatli demografik o‘sish, urbanizatsiya jarayonlari va sanoatlashuv natijasida yuzaga kelayotgan texnogen omillar tufayli mintaqada suv va ekologiya bilan bog‘liq vaziyat yomonlashib borayotgani va uning oqibatlari alohida xavotir uyg‘otmoqda”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekistonning jamg‘arma faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha tashabbuslari

Prezident O‘zbekiston Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasining huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish va institutsional mexanizmlarini modernizatsiya qilish tarafdori ekanini ma’lum qildi.

U asosiy hujjatlar va bitimlarni xatlovdan o‘tkazish, jumladan, 1990-yillarda qabul qilingan jamg‘arma nizomini qayta ko‘rib chiqish, amaldagi tuzilma faoliyatini birgalikda tahlil qilish va jamg‘arma tarkibidagi tashkilotlar ishini muvofiqlashtirish va samarasini oshirish borasida takliflar tayyorlash, uning faoliyati va hamkorlik masalalarini aniq tartibga soluvchi “Qoida va tartib-taomillar”ni ishlab chiqishni taklif etdi.

“Jamg‘armani rivojlantirish va isloh etish jarayonlarini tarmoqlararo tamoyil asosida, ya’ni zamonaviy ekologik tahdidlarni hisobga olgan holda, „suv — energetika — oziq-ovqat“ tartibidagi kompleks yondashuvlar negizida amalga oshirish muhimdir”, — dedi davlat rahbari.

markaziй осиё, орол, suv танқислиги

U asosiy dasturiy hujjatlardagi qoidalarda va loyihalarni bajarish borasidagi aniq oldinga siljishni ko‘rsatadigan natijalarda farqlar borligini ta’kidladi.

Shuningdek, u Orol dengizi havzasi mamlakatlariga yordam ko‘rsatish bo‘yicha to‘rtinchi dasturning ijrosi bilan bog‘liq holat ham tashvishga solishi kerak, deb o‘ylashini aytdi.

“Bu boradagi ishlar asosan milliy rejalar yo‘nalishida amalga oshirilmoqda. Shu munosabat bilan Jamg‘arma boshqaruviga amaldagi Dasturni tanqidiy qayta ko‘rib chiqish topshirig‘ini berishni taklif etaman. Bunda har bir mintaqaviy loyihaning hajmini va moliyalashtirish manbalarini belgilagan holda, “yo‘l xaritalari”ni, shuningdek, ularning ijrosi bo‘yicha kelishilgan jadvalni tayyorlashni nazarda tutish lozim”, — deydi prezident.

Shavkat Mirziyoyev ustuvor mintaqaviy loyihalarni ilgari surish uchun investitsiya, texnologiya va texnik ko‘makni jalb etish masalalari bo‘yicha tizimli hamkorlikni kuchaytirish zarurligini ma’lum qildi.

“Mamlakatlarimizning har biri aniq maqsadli ko‘rsatkichlarni belgilagan holda, mintaqaviy loyihalarga chetdan ko‘makni jalb etish bo‘yicha o‘ziga majburiyat olishi lozim”, — dedi u.

O‘zbekiston prezidenti jamg‘armaning ishchi organlariga xalqaro konsultantlar ishtirokida Amudaryo va Sirdaryo havzalarini rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatga mo‘ljallangan rejalar ishlab chiqish topshirig‘ini berish maqsadga muvofiq bo‘lishini aytdi.

“Ushbu daryolar havzalarida vaziyatning rivojlanishi bo‘yicha turli ssenariylarni modellashtirishni nazarda tutish muhimdir. Bunday strategik hujjatlarning qabul qilinishi mintaqamizda suv-energetika resurslarini integratsiyalashgan holda boshqarish siyosatini muvofiqlashtirishga imkon beradi, deb ishonaman”, — dedi prezident.

Uning ta’kidlashicha, suv va boshqa tabiiy resurslardan tejab-tergab foydalanish madaniyatini shakllantirish, maxsus dasturni qabul qilgan holda, yoshlar tashabbuslari va startaplarini qo‘llab-quvvatlash masalalarida yoshlar bilan ishlashni mintaqaviy darajada tashkil etishga alohida e’tibor qaratish lozim.

Ushbu masalalarni ko‘rib chiqishda Preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markaz faol jalb etilishiga umid qilishini bildirdi.

Prezident Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasi doirasida Suvni tejash milliy dasturini ishlab chiqish rejalashtirilganini aytdi.

“Biz suvni tejash sohasini ;amg‘arma faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab, bu borada hamkorligimizni kuchaytirishimiz mumkin.”, — dedi u.

O‘zbekiston сuв resurslari, energetika va ekologiya vazirlarining muntazam uchrashuvlari uchun mintaqaviy platforma tashkil etishni ham taklif qilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston tomonidan Amudaryodan qurilayotgan Qo‘shtepa kanali haqida gapirar ekan, “Mohiyat-e’tiboriga ko‘ra, mintaqamizda suvdan foydalanish jarayonida bizning mamlakatlarimiz bilan hech qanday majburiyat asosida bog‘lanmagan yangi ishtirokchi paydo bo‘ldi”, dedi.

Kanalning ishga tushirilishi “Markaziy Osiyodagi suvdan foydalanish tartibi va muvozanatini tubdan o‘zgartirib yuborishi mumkin”, deb ta’kidladi va kanal qurilishining barcha jihatlarini va uning Amudaryoning suv rejimiga ta’sirini o‘rganish bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh tuzishga chaqirdi.

Shuningdek, u Afg‘oniston vakillarini suv resurslarini taqsimlash bo‘yicha mintaqaviy muloqotga jalb etish masalasini ko‘rib chiqishni taklif qildi.

markaziй осиё, орол, suv танқислиги

Sammitda Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisining birinchi o‘rinbosari Adilbek Qosimaliev va BMT Bosh kotibining maxsus vakili — BMTning Preventiv diplomatiya bo‘yicha Markaziy Osiyo mintaqaviy markazi rahbari Kaxa Imnadze qatnashdi.

2024−2026-yillarda OQXJga raislik Tojikistondan Qozog‘istonga o‘tdi.