O‘zbekistonda 1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni yakshanba kuniga to‘g‘ri kelishi tufayli 2-oktabr, dushanba kuni ham dam olish kuni bo‘ladi. Bu yangi tahrirdagi Mehnat kodeksida belgilangan.

Kodeksning 208-moddasiga ko‘ra, dam olish kuni ishlanmaydigan bayram kuniga to‘g‘ri kelgan taqdirda, dam olish kuni bayramdan keyingi ish kuniga ko‘chiriladi. Bunda ishlab chiqarish-texnik va tashkiliy sharoitlar (mavjud uzluksiz ishlab chiqarish, aholiga har kuni xizmat ko‘rsatish, navbatchilik asosida ishlash va boshqalar) tufayli ishlanmaydigan bayram kunlari to‘xtatib qo‘yish mumkin bo‘lmagan ishlarni bajarishda dam olish kunlari ko‘chirilmaydi.

Shuningdek, dam olish kunlaridan va ishlanmaydigan bayram kunlaridan xodimlarning oqilona foydalanishi maqsadida dam olish kunlari O‘zbekiston prezidentining farmoni bilan boshqa kunlarga ko‘chirilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, kodeksda quyidagi kunlar ishlanmaydigan bayram kunlari etib belgilangan:

  • 1-yanvar — Yangi yil;
  • 8-mart — Xotin-qizlar kuni;
  • 21-mart — Navro‘z bayrami;
  • 9-may — Xotira va qadrlash kuni;
  • 1-sentabr — Mustaqillik kuni;
  • 1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni;
  • 8-dekabr — O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni;
  • Ro‘za hayit (Iyd al-Fitr) diniy bayramining birinchi kuni;
  • Qurbon hayit (Iyd al-Adha) diniy bayramining birinchi kuni.

Yangi tahrirdagi kodeks 2023-yil 30-apreldan kuchga kirgan.