Markaziy bank riskli kreditlar miqdori o‘sib borayotgani sababli banklarga avtokreditlarning kredit portfelidagi ulushi 25 foizdan oshmasligi kerakligi bo‘yicha talab qo‘ygani xabar qilingandi. Regulyator berilgan ko‘rsatmalar bunday kreditlar ajratilishini taqiqlamasligini hamda taklif etilayotgan foiz stavkalari oshishiga ta’sir qilmasligini ta’kidladi.

Ma’lum bo‘lishicha, Bank nazorati qo‘mitasi tomonidan 12-sentabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda banklarning kredit portfelida konsentratsiya tavakkalchiligi holati yuzasidan qarori qabul qilingan.

Unda banklar “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, aktivlari bo‘yicha yo‘qotishlarga oid tavakkalchilikni kamaytirish maqsadida o‘z aktivlarining diversifikatsiya qilinishini ta’minlashi kerakligi belgilangan.

Shuningdek, Markaziy bank banklar faoliyatiga ta’sir ko‘rsatuvchi tavakkalchiliklarni aniqlaganda, ularning barqarorligini sezilarli darajada yomonlashtiruvchi tavakkalchiliklarga sabab bo‘ladigan ayrim moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirishga belgilangan cheklovlarga rioya etish talablarini kuchaytirishi ta’kidlangan.

“So‘nggi yillarda banklar tomonidan jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar tarkibida avtokreditlar ulushining keskin ortishi konsentratsiya tavakkalichigini vujudga keltirib, mazkur yo‘nalishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan moliyaviy yo‘qotishlarning banklar barqarorligiga ta’siri xatarlarining oshishiga sabab bo‘lmoqda”, — deyiladi regulyator bayonotida.

Shu sababli omonatchilar va kreditorlar manfaatlari himoya qilinishini hamda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tavakkalchiliklarning banklar barqarorligiga salbiy ta’sirini kamaytirish uchun Markaziy bank bank nazorati qo‘mitasi qarori bilan tijorat banklariga kredit portfelining diversifikatsiya qilinishini ta’minlash yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berilgan.

“Markaziy bankning bu ko‘rsatmasi banklar tomonidan avtokreditlar ajratilishini taqiqlamaydi hamda taklif etilayotgan foiz stavkalari oshishiga ta’sir ko‘rsatmaydi. Ta’kidlash joizki, bugungi kunda mamlakatda faoliyat yuritayotgan barcha banklarda avtokreditlar ajratish imkoniyatlari mavjud va amalga oshirilmoqda”, — deyiladi MB xabarida.

Eslatib o‘tamiz, 15-sentabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda avtokreditlar uchun talablar kuchaytirilgani haqida ma’lumot tarqaldi. Buni “Gazeta.uz”ga bank sohasidagi bir nechta mustaqil manbalar tasdiqladi.

Ularga ko‘ra, Markaziy bankning yangi talabi bilan banklarning kredit portfelidagi avtokreditlar ulushi 25 foizdan oshmasligi kerak. Moliyachi Otabek Bakirov regulyatorning bu harakati to‘g‘ri ekani haqida yozdi.

U ijtimoiy tarmoqlarda mazkur qaror turlicha muhokama qilinayotganiga e’tibor qaratib, Markaziy bank qonun bo‘yicha moliyaviy barqarorlik uchun tavakkalchilik omillarini birgalikda baholashga to‘la haqli ekanini ta’kidladi.

“Tijorat banki o‘zining xatar chegaralarini o‘zi his etmayaptimi, Markaziy bank regulyatsiyaga kirishishi kerak. Aks holda, kreditorlar, omonatchilar oldida mas’uliyatsizlik paydo bo‘ladi. Ikkinchidan, Markaziy bank avtokreditlarni taqiqlayotgani yo‘q. Tavakkalchilik chegaralarini belgilayapti. Bir qarzdorga, bir guruhga, bir mahsulotga nisbatan ratsional risk diversifikatsiyasi kabi bu”, — degandi Otabek Bakirov.

Shuningdek, Bakirov regulyatorning bu tadbirlari avtokreditlar foiz stavkalarining (narxi) oshishiga olib kelmasligini, shunchaki avtomobillar narxini tinimsiz oshirib borilishidan manfaatdor spekulyantlar bozordan ketishini qayd etgan.