C1 darajaga ega professional ta’lim muassasalari va akademik litsey o‘qituvchilariga 50 foiz ustama beriladi. Bu haqda O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lum qildi.

Vazirlikning Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan qo‘shma qaroriga ko‘ra, 2023-yil 1-sentabrdan professional ta’lim muassasalar (kasb-hunar maktabi, kollej va texnikum) va akademik litseyning xalqaro tan olingan va milliy baholash tizimida berilgan kamida C1 darajadagi sertifikatlarga ega umumta’lim fan o‘qituvchilari bazaviy tarif stavkasiga nisbatan har oylik 50 foiz miqdorda ustama haq to‘lash yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, qaror bilan:

  • milliy baholash tizimi muvofiq bo‘lishi lozim bo‘lgan xalqaro standartlar ro‘yxati;
  • ta’lim sohasida xizmat ko‘rsatuvi vakolatli xalqaro tashkilotlar ro‘yxati;
  • xalqaro tan olingan va milliy baholash tizimida berilgan sertifikatlar (ularning kombinatsiyasi) ro‘yxati tasdiqlandi.

Prezidentning 2022-yildagi qaroriga ko‘ra, maktablarda xalqaro tan olingan sertifikatga ega bo‘lgan pedagoglarga 50%, milliy test tizimida olingan sertifikatga ega o‘qituvchilarga 20% ustama to‘lanishi belgilangan.