Ijtimoiy tarmoqlarda “Kuyov arab shayxlariga havas qilgan ko‘rinadi” nomli to‘y marosimi aks etgan video tarqaldi. IIV videoga munosabat bildirib, kuyov jarimaga tortilganini ma’lum qildi. Adliya vazirligi esa IIVning noto‘g‘ri talqini ortidan o‘rganish olib bordi.

IIV xabariga ko‘ra, to‘y 31-avgust kuni Namangan viloyatida o‘tkazilgan. Shundan so‘ng 2000-yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan kuyov I.A viloyat IIBga taklif etilgan.

“O‘tkazilgan suhbat davomida „I.A“ o‘z tashabbusi bilan shaxsiy diniy qarashlaridan kelib chiqqan holda to‘yda kelinga noan’anaviy kiyimlar (burqa shaklidagi) kiydirib hamda diniy kuy-qo‘shiqlardan foydalanib, tadbirga diniy tus berganligini ma’lum qildi”, — deyiladi rasmiy munosabatda.

IIV “O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonuniga asosan, jins bo‘yicha bilvosita kamsitish, ya’ni bir jinsdagi shaxslarni boshqa jinsdagi shaxslarga nisbatan noqulayroq holatga tushirib qo‘yadigan vaziyatlarni, holatlarni yoki mezonlarni yaratish, shu jumladan gender tengsizlikni ommaviy axborot vositalari, ta’lim, madaniyat orqali targ‘ib etish, muayyan jinsdagi shaxslar uchun salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan shart-sharoitlar yoxud talablar belgilanishiga yo‘l qo‘yilmasligini” eslatib o‘tgan.

Bundan tashqari, vazirlik “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunining 10-moddasiga binoan, mamlakatda hududida diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash va tarqatish dinshunoslik ekspertizasining ijobiy xulosasi olinganidan keyin amalga oshirilishi va qonunning 5-moddasiga ko‘ra, mamlakatda vijdon erkinligini ta’minlashning asosiy ustuvorliklaridan biri sifatida jamoat tartibiga, fuqarolarning sog‘lig‘i va axloqiga, huquq va erkinliklariga tahdid soluvchi diniy g‘oyalar hamda qarashlarning singdirilishi va tarqatilishiga qarshi kurashish belgilab qo‘yilganini eslatgan.

Yakunda sud tomonidan fuqaro I.A.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 184−2-moddasi (Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish) bilan BHMning 5 barobari miqdorida (1 650 000 so‘m) jarima jazosi tayinlandi.

Biroq vazirlik matbuot xizmati arabcha libos, shu jumladan burqa kiyish O‘zbekistonda taqiqlangani va buning uchun javobgarlik belgilangan yoki yo‘qligiga aniqlik kiritmagan. Tushunarsiz talqin ortidan tarmoqlarda kuyov kelinga burqa kiydirgani uchun jarimaga tortildi degan gap-so‘zlar tarqala boshladi, bu esa jamoatchilikning keng muhokamasiga sabab bo‘ldi.

Aslida esa burqa kiyishni taqiqlovchi qonun loyihasi 5-sentabr kuni deputatlar tomonidan ma’qullanib, Senatga yuborilgan. Senat yalpi majlisida mazkur masala hali ko‘rib chiqilmadi, qonun prezident tomonidan ham qabul qilinmadi.

“Gazeta.uz” holatga aniqlik kiritish uchun IIV matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov bilan bog‘landi va “Maqolada batafsil berilgan”, deya javob berdi. Qayta yuborilgan aniqlashtiruvchi savollarni esa xat orqali yuborishni so‘rash bilan cheklandi.

Mazkur masala yuzasidan tarmoqlardagi anglashilmovchilikka O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov ham munosabat bildirdi.

“Namangan viloyati IIB shu yilning 30-avgustida nikoh to‘yida arablar libosidan foydalangan bir yigitni jarimaga tortibdi. Uni islomiy to‘y qilganlik, to‘yiga diniy tus berganlik, targibotda ayblashgan. Yigitning arabcha kiyingani, kelinni arab libosida olib kelgani tanqid qilinibdi. Bundan bir necha kun avval taniqli xonanda Munisa Rizayeva turmushga chiqayotib, hindcha to‘y qilgandi. Ijtimoiy tarmoqlarga ko‘ra, hatto to‘yga keluvchi mehmonlarning ham hindcha kiyinishi talab qilingan. To‘yda hindlarning urf-odatlariga taqlid qilingan. Biroq uning hindcha to‘yi butun media vositalarida targ‘ib qilinganiga qaramay u jazolanmadi”, — deydi u.

“Mamlakatda qonun, konstitutsiyaviy tuzum bitta. Qonuniy ta’qiblar bir xil. Hech kimning diniy, irqiy nizo chiqarishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Buni hamma biladi: lekin, nega fuqaro arab libosini tanlasa jazolanadi-yu, hind libosini kiysa, ulug‘lanadi?! Farq nimada? Agar Namangan viloyati sudi fuqaroni boshqa millat libosini kiyganligi uchun jazolagan bo‘lsa, Toshkent shahar sudlari nega Munisa Rizayevani jazolamadi?” — deya savollar bilan yuzlangan Tashanov.

Shuningdek, u oradagi farqni Adliya vazirligi mutaxassislari tushuntirib berishlarini so‘ragan. Va bu savolga Adliya vazirligi matbuot kotibi Sevara O‘rinboyeva javob ham bergan.

иив, noto‘g‘ri talqin, to‘y

“Mazkur holat Adliya vazirligi tomonidan o‘rganildi. Aniqlanishicha, kuyov arabcha libosda to‘y o‘tkazganligi uchun emas, balki turli xil diniy mazmundagi video yozuvlarni saqlab „Telegram“ ijtimoiy tarmog‘i orqali qonunga xilof ravishda tarqatganligi uchun javobgarlikka tortilgan”, — deydi vazirlik vakilasi.

JIB Uychi tuman sudining 11-sentabrdagi qaroriga asosan A.I.ga MJtKning 184−2-moddasida ko‘rsatilgan huquqbuzarlikni sodir etilgan deb topilib, unga shu moddaga assoan 33-moddani (Yengilroq ma’muriy jazo chorasining qo‘llanilishi) qo‘llab BHMning 5 barobari miqdorida (1 650 000 so‘m) jarima jazosi tayinlangan.

Adliya vazirligi matbuot kotibi shuningdek, sud hokimiyati mustaqilligi, uning faoliyatiga aralashishga hech kimning haqqi yo‘qligi va uning ustidan faqatgina yuqori turuvchi sudga murojaat etish mumkinligini eslatib o‘tgan.