O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev keyingi haftada Amerika Qo‘shma Shtatlariga jo‘nab ketadi, deb xabar berdi uning matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Davlat rahbari Nyu-York shahrida o‘z ishini boshlaydigan BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasi doirasida yuqori darajadagi umumsiyosiy munozaralarida ishtirok etib, nutq so‘zlaydi.

“Prezidentimiz xalqaro hamjamiyatni nafaqat yurtimizdagi islohotlar jarayoni, inson huquqlari, ijtimoiy-siyosiy modernizatsiya sohalarida erishilgan natijalar bilan tanishtiradilar, balki ham mintaqaviy, ham global ahamiyatga ega qator muhim tashabbuslarni ilgari suradilar”, — dedi Sherzod Asadov.

Bundan tashqari, O‘zbekiston yetakchisi tashrif doirasida AQSh prezidentining taklifiga binoan o‘tkaziladigan “S5+1” formatidagi AQSh va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uchrashuvida qatnashadi.

“Markaziy Osiyo + AQSh” formati ilgari ham bo‘lgan, lekin bu safargi uchrashuv ilk bor oliy darajada, davlat rahbarlari ishtirokida tashkil etiladi.

Shu kunlarda BMT bosh kotibining Yevropa, Markaziy Osiyo, Shimoliy va Janubiy Amerika bo‘yicha yordamchisi Miroslav Yencha BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida O‘zbekiston delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazganini ma’lum qildi.

ақш, бмт bosh ассамблеяси, нью-йорк, шавкат мирзиёев, шерзод асадов

Foto: twitter.com/JencaMiroslav.

Uchrashuvda O‘zbekiston prezidentining maxsus vakili Abdulaziz Komilov, Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev va Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Yeldor Aripov ishtirok etdi. O‘zbekistonning ustuvor yo‘nalishlari, mamlakatning mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish va iqlim o‘zgarishi borasidagi sa’y-harakatlari muhokama qilindi, deydi Miroslav Yencha.