O‘zbekistonda har yili maktablarda 500 ming o‘quvchi o‘rni yaratish vazifasi “hech qayerga yo‘qolmadi”. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov “Gazeta.uz”ga bergan izohida ma’lum qildi.

Bir kun avval Shavkat Mirziyoyev saylovoldi dasturida “Maktablarda yiliga 500 ming o‘quvchi o‘rni yaratish” rejasini amalga oshirishga va’da bergani haqida yozgan edik. Bu vazifa “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi loyihasiga ham kiritilgan, biroq hujjatning qabul qilingan tahririda o‘quvchi o‘rinlarini 7,5 millionga oshirish, shuningdek, 2,5 million o‘quvchi o‘rni yaratish uchun 8 milliard dollar ajratish bandlari yo‘q.

“Yakuniy hujjatda bu band yo‘q bo‘lsada, 500 ming o‘quvchi o‘rni yaratish vazifasi hech qayerga yo‘qolmadi. Farqi shundaki, ushbu maqsadga erishishning chora-tadbirlari va mexanizmlari uni 2023-yilda amalga oshirish bo‘yicha strategiya va chora-tadbirlarda belgilab berilgan”, — deya aniqlik kiritdi Sherzod Asadov.

Prezidentning “2023-yilda “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini 2023-yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori 1a-ilovaning 6-bandida Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan 250 ming — 2023-yilda — 100 ming, 2024-yilda — 150 ming o‘quvchi o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan, dedi prezident matbuot kotibi.

Bundan tashqari, prezidentning “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi to‘g‘risidagi qarori 1-ilovasining 5-bandida:

  • davlat-xususiy sheriklik (DXSH) asosida va xalqaro moliya institutlaridan jalb qilingan mablag‘lar hisobidan umumiy qiymati 2 milliard dollarlik maktablar tarmog‘ini kengaytirish loyihalarini amalga oshirish. Bu 110 mingga yaqin o‘quvchi o‘rni yaratishni nazarda tutadi, dedi u (aniq raqam strategiyada ko‘rsatilmagan);
  • xususiy maktablar sonini 1000 taga yetkazish (bu o‘rtacha 65 ming o‘quvchi o‘rni). 2030-yil strategiyasida bu vazifani amalga oshirish muddati ko‘rsatilmagan, biroq prezident matbuot xizmati gap 2023/2024 o‘quv yili parametrlari haqida ketayotganini ta’kidladi;
  • DXSH asosida kamida 100 ta maktab (30 ming o‘rin) qurish bo‘yicha shartnomalar tuzish.

Bundan tashqari, prezident 28-avgust kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida 61 ta kichik kollejni maktabga aylantirish bo‘yicha topshiriq berdi, bu esa qo‘shimcha 45 ming o‘rin yaratish imkonini beradi, dedi Sherzod Asadov.

Shunday qilib, 2023−2024-yillarda umumiy o‘rta ta’lim tizimida yaratilgan jami o‘quvchilar o‘rinlari soni 500 mingtani tashkil etadi, dedi davlat rahbari matbuot kotibi.