“Andijon” xalqaro aeroportida yangi aerodrom majmuasi qurilishining birinchi bosqichi boshlandi, deb xabar berdi Uzbekistan Airports kompaniyasi matbuot xizmati.

Rekonstruksiya doirasida yangi aerodrom majmuasi, jumladan, uzunligi 3400 m va eni 60 m bo‘lgan uchish-qo‘nish yo‘lagi, yurish yo‘laklari, samolyotlar uchun yettita to‘xtash joyiga ega perronni qurish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, aerodrom majmuasida barcha turdagi havo kemalarini tungi vaqtda va qiyin ob-havo sharoitida qabul qilish/jo‘natish imkonini beruvchi ICAO ikkinchi (CAT-II) toifali yoritish moslamalari o‘rnatiladi.

“Aeroportning mavjud uchish-qo‘nish yo‘lagi uzunligi 2985 metr va eni 44 metr bo‘lib, yo‘l qoplamasining yuk ko‘tarish qobiliyati pastligi, shuningdek, zamonaviy yoritish tizimining yo‘qligi sababli ko‘plab turdagi samolyotlarni qabul qilishda va tunda faoliyat olib borishda cheklovlar mavjud edi”, — deyiladi xabarda.

Loyiha 2023−2024-yillarda amalga oshiriladi.